TOShKENT, 13 sen — Sputnik. AQSh matbuotida har doim Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya muammolari haqida gapiravermaslik lozim, degan fikr ilgari surilgan. Sputnik Tojikiston xabariga ko‘ra, "O‘zbekistonda ro‘y berayotgan hodisalarga e’tibor qaratmoq kerak, nega deganda, yangi rahbar tayinlangan mamlakatning tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar tez orada Moskva tomonga qarab burilishi mumkin", deb yozgan amerikaning U.S.News nashri.
"Agar shunday bo‘lsa, O‘zbekiston turli terrorchilik uyushmalari uchun oson o‘ljaga aylanadi", — deya qo‘shimcha qiladi nashr. Amerika OAVlariga ko‘ra, jumladan "Islom davlati" terrorchilik uyushmasi anchadan buyon O‘zbekistonni o‘zining eng asosiy marralaridan biri sifatida ko‘z ostiga olib qo‘ygan.
"O‘zbekistonning biqinida notinch Afg‘oniston joy olgan. U yerda vaziyat kundan kunga yomonlashmoqda. Shu bois, butun Markaziy Osiyo alanga olishi mumkin", — degan fikr bildirilgan nashrda.
Maqola mualliflari hammadan ham ko‘ra, O‘zbekiston hayotida bundan buyog‘iga Rossiya qanday rol o‘ynashi mumkinligidan havotir olganlar. Ularning fikricha, agar rasmiy Vashington O‘zbekistonda o‘z manfaatlarini tezroq belgilab olmasa, Rossiya tez kunda u yerda o‘z ta’sirini kuchaytirishga o‘tishi mumkin.
O‘tgan haftada O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajarayotgan Shavkat Mirziyoyev mamlakat tashqi siyosatida Islom Karimov belgilagan yo‘ldan borishini ma’lum qilgan edi.
Muvaqqat prezident O‘zbekiston hech qachon bironta harbiy bloklarga, shu jumladan, KXShTga a’zo bo‘lmasligini aytgan va respublika iqtisodiy ittifoq bo‘lgani uchun — ShHT tarkibida qolishini ma’lum qilgan.