TOShKENT, 26 okt — Sputnik. MDHning yetti davlati hududida havo hujumidan mudofaa birlashgan tizimining keng miqyosdagi mashg‘ulotlari boshlandi, 130dan ortiq qo‘mondonlik punktlari va 100ga yaqin jangovar samolyotlar harakatga keltirildi, deb xabar berdi Rossiya mudofaa vazirligi axborot va ommaviy axborot vositalari departamenti, RIA Novostiga asosan.
Tekshiruv mashg‘ulotlarida Rossiya, Armaniston, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning HHM bo‘yicha navbatchi kuchlari va vositalari ishtirok etadi.
Mashg‘ulotlarda qatnashayotgan HHM kuchlari va vositalari Rossiyaning Moskva viloyatida joylashgan HKK boshqaruv markazi tomonidan boshqariladi.
"Ertalab soat 8da (Moskva vaqti bilan) MDHga a’zo yetti davlatning 130dan ortiq qo‘mondonlik punktlari va turli darajadagi boshqaruv punktlari MDH havo hujumidan mudofaa birlashgan tizimi boshqaruv organlarining birgalikdagi harakatini takomillashtirish vazifasini bajarishga kirishdi", — deyiladi xabarda.
Mashg‘ulotlarga qatnashuvchi davlatlar qurolli kuchlariga qarashli qiruvchi aviatsiyaning Su-27, Mig-29, MiG-31, bombardimonchi aviatsiyaning Su-24, Su-34, shturmchi aviatsiyaning Su-25, uzoq masofa aviatsiyasining Tu-22, Tu-160, Tu-95 kabi 100ga yaqin samolyotlari, Ka-27, Mi-8 vertolotlari jalb etilgan.
Shuningdek, ushbu davlatlar HHM birlashgan tizimi tarkibidagi radiotexnika va zenit raketa qo‘shinlari bo‘linmalari ham ishtirok etmoqda.
Harbiylar davlat va havo chegarasi shartli raqib tomonidan buzilganida, samolyot olib qochilganida ko‘riladigan choralar, halokatga uchragan havo kemalari ekipajiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazadilar. Bundan tashqari, samolyotlar ekipajlari Rossiya, Belorussiya, Qozog‘iston va Armaniston hududida chegara buzgan havo kemalarini tutish bo‘yicha birgalikda mashq qiladilar.
Ma’lum qilinishicha, mashg‘ulotlar HHM navbatchilari tomonidan Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo hududlari osmonida shartli dushman aniqlanganligi haqidagi xabar bilan boshlangan. Shartli dushman rolini Rossiya HKKning Tu-160 va Tu-95MS strategik bombardimonchi hamda uzoq masofa aviatsiyasining Tu-22M3 bombardimonchilari bajarmoqda.