TOShKENT, 26 okt – Sputnik. Jahon banki tomonidan e’lon qilingan 25-oktabrda e’lon qilingan "Biznes yuritish 2017: sifatni va boshqaruv samarasini baholash" deb nomlangan dokladiga ko‘ra, O‘zbekiston 190 davlat orasida 87-o‘rinni egalladi, deb xabar beradi "Jahon" axborot agentligi.
Korxonani ro‘yxatga olishda internet orqali soddalashtirilgan usul va "yagona oyna" tizimi yo‘lga qo‘yilganligi samarasi o‘laroq, korxonani ro‘yxatga olish ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 17 pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi va 25-o‘rinni egalladi.
Biznes yuritish jarayonlari tubdan isloh qilingani bois bugungi kunda yangi biznesni tashkil etish uchun O‘zbekistonda Shveysariyadagiga nisbatan 1,8 baravar, Germaniyadagiga nisbatan – 1,9 baravar, Yaponiya va Rossiyaga nisbatan – 2 baravar, Isroildagidan – 2,2 baravar, Gretsiya va Ispaniyadagiga nisbatan – 2,3 baravar, Hindiston – 4,7 baravar, Xitoy – 5,5 baravar va Braziliyadagiga nisbatan – 14,5 baravar kamroq vaqt sarflanadi.
Korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish bo‘yicha keng miqyosli islohotlar o‘tkazilishi, xususiy aksiyadorlarning roli va huquqlarining oshirilishi O‘zbekistonning "Minoritar investorlar himoyasi" reytingida 18 pog‘ona yuqorilab, 70-o‘rinni olishiga sabab bo‘ldi.
Yer uchastkalari ajratish, qurilish uchun ruxsat berish, kadastr hujjatlarini tayyorlash borasida olib borilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston Jahon banki reytingida 2015-2016 yilda yer boshqaruvi sifatini yaxshilash ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoning yetakchi 17 mamlakati orasidan joy oldi.
Jahon banki hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda soliq yuklamasi 38,1 foizni tashkil etdi, bu AQSh, Germaniya, Fransiya, Italiya, Avstriya, Chexiya, Ispaniya, Gretsiya, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa qator davlatlardagiga nisbatan sezilarli darajada past degani.
Natijada O‘zbekiston korxonani ro‘yxatga olish (25-o‘rin), shartnomalar ijrosini ta’minlash (38), kreditlash (44), minoritar investorlarni himoya qilish (70), mulkni ro‘yxatga olish (75) va elektr tarmoqlariga ulanish (83) ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyodagi yetakchi 100 davlat orasidan o‘rin egalladi.
"Biznes yuritish 2017: sifatni va boshqaruv samarasini baholash" dokladi Jahon banki tomonidan 14-marta e’lon qilinmoqda. Unda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish sohasidagi chora-tadbirlar baholanadi.
Tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha jahon reytingini Yangi Zelandiya boshqarmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda Singapur, Daniya, Gonkong va Janubiy Koreya joylashgan.