TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Transport-ekspeditorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan kompaniyalar hamda ayrim nashriyotlar qator imtiyozlarga ega bo‘lishi mumkin, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Bu haqda "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqotlarga qaraganda bugungi kunda 20 tonna mahsulotni 500 kilometr masofaga avtomobilda tashish tannarxi O‘zbekistonda 1 kilometr uchun 1,75 dollarni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun: qo‘shni davlatlarda bu ko‘rsatkich 0,7 dollardan 1,3 dollargacha.
"Yuqorida aytib o‘tilgan masalalar bilan bir qatorda logistika infratuzilmasining sust rivojlangani, milliy mahsulotni jahon bozoriga olib chiqishda talab etiladigan hujjatlarning ko‘pligi, ularni ko‘rib chiqish muddatlarining uzoqligi va qimmatligi muammosi ham mavjud. Bularning barchasi mamlakat eksport salohiyatini oshirishga to‘sqinlik qilmoqda va tashqi bozorda mahsulotlarimizning tannarxi sun’iy oshishiga olib kelmoqda", — dedi nomzod.
Otamuratov shundan kelib chiqib, transport-ekspeditorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga imtiyozlar berish, yirik yuk tashuvchi avtomobillarni lizingga berish tizimini rivojlantirish va takomillashtirish zarur, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, bojxona xizmatlari narxini kamaytirish va chegaradan o‘tish tartibini soddalashtirish yuzasidan ish olib bormoqchi.
Nomzodning fikricha, iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirish, soliq va boshqa to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar olishga munosib yana bir toifa bu O‘zbekiston xalqining tarixi, ma’naviy-madaniy merosiga doir adabiyotlarni nashr etish bilan shug‘ullanayotgan mualliflar, bosmaxonalar, nashriyotlardir.
Bu esa yoshlarni vatanparvarlik, millatparvarlik va umuminsoniylik ruhida tarbiyalash hamda milliy manfaatlarga zid bo‘lgan g‘oya va mafkuralarga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirish, jamiyat, oila va ta’lim tizimida yosh avlodni kitobga muhabbat va hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalash imkonini beradi, deb hisoblaydi Otamuratov.
O‘zbekistonda Prezidentlik saylovlari 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Prezidentlikka nomzodlar to‘rt nafarni tashkil etadi. O‘zLiDeP Shavkat Mirziyoyev, "Milliy tiklanish" Sarvar Otamuratov, "Adolat" Narimon Umarov nomzodini ilgari surgan. O‘zbekiston XDP Hotamjon Ketmonov nomzodini tasdiqlagan.