TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Keyingi bir necha kun ichida kurs 7-8%ga, 1 dollarning bahosi 6350-6400 so‘mdan 6850-6900 so‘mga oshdi. "Dollarfurush"lardan 1 dollarni 6850-6950 so‘mga sotib olish mumkin. Kursdagi bunday farq poytaxtning yirik bozorlarida noqonuniy valyuta almashtirish nuqtalari mavjudligi bilan izohlanadi.
Sputnik O‘zbekistonga bir necha ekspertlar buning bir necha sabablari borligini aytishdi. So‘nggi sabablardan biri — benzin narxining deyarli 35%ga oshishi bilan bog‘liq mavhumlik. Bundan tashqari, keyingi oylarda Markaziy bank tomonidan dollar rasmiy kursi ham oshmoqda. Keyingi hafta ichida u 3065 so‘m 35 tiyindan 3083 so‘m 96 tiyinga ko‘tarildi.
Ekspertlar agar vaziyatga hukumat aralashmasa, dollarning "qora bozor"dagi kursi yanada oshishini taxmin qilmoqdalar. Ayrimlar kurs 7000 so‘mgacha ko‘tarilishini, keyin esa asta-sekin pasayib, 6500-6600 so‘mgacha tushishini aytmoqda.
Boshqalar esa yaqin ikki kun ichida nazorat organlari vaziyatni qo‘lga olishini va kurs 6300-6400 so‘mni tashkil etishini aytishmoqda.
Shuni aytish joizki, dollar norasmiy kursining oshishi ayrim iste’mol tovarlarining narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Sputnik muxbirlari vaziyatni kuzatib borishadi.