TOShKENT, 23 okt — Sputnik. O‘zbekiston hukumati benzin narxini, uning turiga qarab 31,6 %dan 34,9 %gacha oshirdi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
22 oktabrdan boshlab AI-80 rusumli benzin narxi 2800 so‘m, AI-91, 92, 93 rusumli benzin narxi 3000 so‘m, AI-95 narxi esa 3300 so‘m qilib belgilandi. Oldin AI-80 2075 so‘m, AI-91, 92, 93 — 2280 so‘m va AI-95 narxi esa 2505 so‘m edi. Yangi narxlar Respublika hududidagi barcha AYoQShlarda amal qiladi.
"O‘zbekneftegaz" milliy xolding kompaniyasi o‘zining ushbu qarorini fuqarolarning Shavkat Mirziyoyevning internet qabulxonasiga benzin tanqislii borasida qilgan ko‘plab murojaatlari bilan izohlamoqda.
"O‘zbekneftegaz"rasmiy saytida benzin narxlari oshishigan shunday izoh berilgan:
"So‘nggi vaqtda mamlakatimiz aholisining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual pochtasi orqali, shuningdek kompaniyamiz, Respublikamizning rahbar, nazorat hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralari nomiga kelib tushgan murojaatlarida avtobenzin ta’minotida bo‘layotgan uzilishlar, shu jumladan ba’zi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida (AYoQShlarda) avtobenzinning ustama narx bilan sotilayotganligi, avtobenzin olish uchun uzundan-uzoq navbatda turishga to‘g‘ri kelayotganligi, Toshkent shahridagi aksariyat AYoQShlarda Ai-80 rusumli avtobenzinning 2075 so‘mlik narxda, viloyatlarda esa asosan tijorat narxida, ya’ni 3000 so‘mlik narxda sotilayotganligi, avtobenzinning ayrim nopok kimsalar tomonidan Toshkent shahridagi AYoQShlardan turli yo‘llar bilan olib borib boshqa viloyatlar aholisiga uch ming so‘mdan besh ming so‘mgacha bo‘lgan chayqov narxida sotilayotganligi haqidagi o‘rinli e’tirozlarini inobatga olib hamda bundan buyon mazkur qonunga hilof holatlarga uzil-kesil barham berish maqsadida 2016-yil 23-oktabrdan barcha turdagi avtobenzin chakana narxlari Respublika bo‘yicha bir xil etib belgilandi. Jumladan:
- Ai-80 rusumli avtobenzinning 1 litri — 2 800 so‘m;
- Ai-91, Ai-92 va Ai-93 rusumli avtobenzinlarning 1 litri — 3 000 so‘m;
- Ai-95 rusumli avtobenzinning 1 litri — 3 300 so‘m.
Bundan buyon butun O‘zbekiston bo‘ylib benzin bir xil narxda sotiladi. "O‘zbekneftegaz" kompaniyasi fuqarolarga murojaat qilib, biror AYoQShda benzin ushbu narxdan qimmat sotish holatlari kuzatilganda "O‘zbekneftegaz" kompaniyasiga yoki huquqni saqlash organlariga xabar berishni so‘ragan.