Ekspert: O‘zbekiston paxta sotishdan tekstil eksportiga o‘tadi

© Sputnik / Stanislav Koritnikov / Mediabankka o‘tishPaxta hosili
Paxta hosili - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Paxta savdosi sohasi mutaxassisi anonimlik sharti bilan Sputnik O‘zbekistonga respublikaning ushbu siyosati hamda mazkur choralarning Rossiya bozoriga ta’siri haqida so‘zlab berdi

TOShKENT, 25 okt — Sputnik, Anton Kurilkin. O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturiga mamlakat qishloq xo‘jaligini qayta qurish haqidagi bandni ham kiritdi. U paxta ekiladigan maydonlarni qisqartirish va paxta o‘rniga bog‘ va tokzorlar barpo etishni taklif qildi.

Paxtaning tashvishlari

Analitikning aytishicha, paxta xom ashyosi tayyorlashni qisqartirish O‘zbekiston hukumatining milliy iqtisodiyotni qayta qurish siyosatining davomidir. Keyingi 25-yil davomida mamlakat paxta yetishtirish hajmini muntazam ravishda qisqartirib bordi — masalan, 2012/13 yilda bir million tonna hosil yig‘ilgan bo‘lsa, 2015-yilda atigi 830 ming tonna hosil yetishtirildi, bu yilgi mavsumda esa bu ko‘rsatkich yana 10 ming tonnaga kamaytirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, bugungi kunda paxta bozori to‘lib ketgan va ishlab chiqarish hajmining kamayishi umumjahon tamoyilidir.

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev: Paxta maydonlari o‘rnida intensiv bog‘lar tashkil qilinadi

Qishloq xo‘jalik sektorini isloh qilish sobiq ittifoq tanazzulga yuz tutishi bilanoq boshlangandi. Bundan 30-40 yil ilgari paxta respublikada monokultura bo‘lgan bo‘lsa, bug‘doy ittifoqning boshqa hududlaridan keltirilgan. Mustaqillikka erishgan O‘zbekiston o‘z oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashi va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishi zarur edi.

Bundan tashqari, paxta boshqa qishloq xo‘jalik ekinlariga nisbatan munatazm ravishda tez va ko‘p sug‘orishni talab qiladi. Bunda suv resurslarining asosiy qismi, deydi ekspert, O‘zbekistonga Tojikistondan keladi. Ikki davlat o‘rtasida yaqinda boshlangan muzokaralar qishloq xo‘jaligi uchun muhim bo‘lgan bu muammoni hal qilsa ajabmas.

Xom ashyodan tekstilga

Mutaxassisning fikricha, paxta maydonlarining qisqartirilishi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi yengil sanoat savdosi hajmini kamaytirmaydi. Gap shundaki, Rossiyaning o‘zida ham xususan o‘zbek xom ashyosining narxi yuqoriligi bois paxtani qayta ishlash qisqarayotganligi kuzatilmoqda.

"1991 yilda RSFSR yiliga bir million tonnadan ortiq paxtani qayta ishlagan. So‘nggi yillarga kelib bu ko‘rsatkich 50 ming tonnaga tushib qoldi, ya’ni 20 baravarga qisqardi. Keyingi paytda Rossiya O‘zbekistondan asosan tekstil, masalan mudofaa vazirligi ehtiyoji uchun futbolka va paypoqlar sotib olmoqda", — dedi ekspert.

U keyingi yillarda rossiyaliklar o‘zbek paxtasini deyarli sotib olishmayotganligini, ba’zida Rosrezerv uchun olinayotganligini qo‘shib qo‘ydi.
Shu bilan birga mutaxassis bu ekinning o‘ziga xosligini hamda u qo‘llanadigan sohalar keng ekanligini bildirdi.

"Paxta – qoyilmaqom qishloq xo‘jalik va texnik ekin. Undan oziq-ovqat mahsuloti ham, texnik mahsulotlar – kalava-ipdan tortib vertolotlar uchun texnik moygacha, poroxdan tortib yemgacha, o‘g‘itdan tortib ximikatgacha olinadi. Boshqa hech qaysi qishloq xo‘jalik ekini bu darajada serqirra emas", — ta’kidladi ekspert.

Uning aytishicha, Rossiyaga bu xom ashyo tanqisligi xavf solmaydi, chunki u paxtani asosan arzonroq narxda Pokiston va Xitoydan sotib oladi. Paxtani qayta ishlaydigan, lekin tayyor mahsulotni import qilmaydigan korxonalar esa xom ashyoni sobiq SSSRning boshqa respublikalaridan sotib olishadi.

"Rossiya korxonalari paxtani Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan sotib oladi, chunki ularda ushbu xom ashyo arzon. Gap shundaki, O‘zbekistonda paxta eksporti o‘z vaqtida tekstil sanoatini rivojlantirish maqsadida proteksion choralar ko‘rgan hukumat tomonidan nazorat qilinadi", — deydi analitik.

Proteksionizmning mevasi

Ekspert o‘zbek tekstil sanoati bir necha yil ichida katta yo‘lni bosib o‘tganini qayd etdi. Bir necha yil ilgari mato ishlab chiqarishni boshlagan o‘zbek tadbirkorlari bugungi kunda tayyor kiyimlarni eksport qilishmoqda. Buning sabablaridan biri Toshkentning proteksion siyosatidir.

Rossiya Sanoat va Savdo vaziri o‘rinbosari Viktor Yevtuxov - Sputnik O‘zbekiston
Yevtuxov: O‘zbekiston mahsulotlari sifati juda yaxshi, haqiqatdan ham

"Agar xorijliklar kelishsa, ular paxta uchun mahalliy iste’molchilarga nisbatan ko‘proq to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Ba’zida xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun narxdagi farq 35%ni tashkil etgan. Bu o‘z natijasini berdi — hozirda O‘zbekistonda tekstil sanoati jadal sur’atlarda rivojlanmoqda", — deb xulosa qildi ekspert.

Ilgariroq Toshkentda bo‘lib o‘tgan XIV Xalqaro paxta sanoati yarmarkasida Rossiya sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Viktor Yevtuxov Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatda o‘tgan yili respublikadan paxta olish yuqori bo‘lmaganligini, bu yil esa ozgina o‘sish bo‘lganligini bildirgandi.

Shu bilan birga u istiqbolda Rossiya va O‘zbekiston nafaqat xom ashyo, balki tayyor mahsulot savdosi borasida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlarini ta’kidladi. Buning uchun qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda o‘zbek tekstilini Rossiyaga reteyl orqali yetkazib berish muhokama qilinmoqda.

Yangiliklar lentasi
0