TOShKENT, 25 okt — Sputnik. O‘zbekiston mashhur aktor va rejissorlarni jalb etgan holda o‘z tarixi va boy madaniy merosi haqidagi filmlarni suratga olishni moliyalashtirishi mumkin, deb xabar beradi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov ana shunday taklifni ilgari surdi.
Uning fikricha, O‘zbekiston zaminida yashab ijod etgan va jahon tamadduni taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, buyuk davlat arboblari, harbiy sarkardalar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan milliy kino asarlari deyarli mavjud emas.
"Odamlar ta’sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etilgan va o‘zbek xalqining haqqoniy tarixi aks etgan kino asarlarini intiqlik bilan kutmoqda. Vaholanki, O‘zbekiston televideniyesida namoyish etilayotgan badiiy va videofilmlarning aksariyati xorijiy davlatlar tarixi, harbiy va siyosiy arboblari hamda olimlari haqidadir", — dedi Otamuratov.
Nomzodning aytishicha, bugungi kunda qator xorijiy davlatlar o‘zlarining milliy qahramonlari haqida, ularning garchi zamonaviy sivilizatsiya tarixida tutgan o‘rni va roli buyuk bo‘lmasa-da, yetuk xorijiy kinostudiyalar bilan hamkorlikda kino asarlar tayyorlab, ularni dunyo ommasiga tanishtirmoqdalar. Bunday tajriba milliy g‘urur va iftixorni oshirib, millatni birlashtiradigan kuchli targ‘ibot usuli hisoblanadi.
"Biz O‘zbekiston xalqining madaniyati va san’ati yutuqlarini xalqaro maydonda keng miqyosda targ‘ib etish, hozirgi O‘zbekiston zaminida yashab ijod etgan va jahon tamadduni taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, buyuk davlat arboblari, harbiy sarkardalar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kino asarlar yaratilishida tashabbus ko‘rsatishimiz kerak. Bu ishlarni moliyalashtirish, shu jumladan, xorijiy kinostudiyalar bilan hamkorlikda, taniqli rejissor va aktorlar ishtirokida, uni butun dunyo jamoatchiligiga yetkazishni muhim vazifa, deb hisoblaymiz", — deb ta’kidladi u.
O‘zbekistonda Prezidentlik saylovlari 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Prezidentlikka nomzodlar to‘rt nafarni tashkil etadi. O‘zLiDeP Shavkat Mirziyoyev, "Milliy tiklanish" Sarvar Otamuratov, "Adolat" Narimon Umarov nomzodini ilgari surgan. O‘zbekiston XDP Hotamjon Ketmonov nomzodini tasdiqlagan.