TOShKENT, 11 okt — Sputnik. O‘zbekistonda audiovizual asarlarni namoyish etish haqidagi ma’lumotlarning avtomatlashtirilgan yagona axborot tizimini va Kinematografiyani rivojlantirish bo‘yicha budjetdan tashqari fondni tashkil etish, shuningdek, qator innovatsion takliflarni tatbiq etish taklif etilmoqda, deb xabar beradi Uzbekistan Today.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarini muhokama qilish portalida "Kinematografiya haqida"gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinmoqda. Yangiliklar orasidan "O‘zbekkino" milliy agentligi qoshida audiovizual asarlar namoyishidan tushadigan daromadlarni jamlash va olingan daromadlarni oqilona sarflash maqsadida Kinematografiyani rivojlantirish budjetdan tashqari fondini tashkil etish taklifi o‘rin olgan.
Hukumat fondni tashkil etish va uning faoliyat ko‘rsatish tartibini belgilab beradi hamda mablag‘lardan oqilona foydalanilishini nazorat qiladi. Fond kinoteatrlarning har bir seans va sotilgan biletlar bo‘yicha ma’lumot beradigan filmlar namoyishi haqidagi avtomatlashtirilgan yagona axborot tizimini tashkil etadi hamda nazorat qiladi.
Vakolatli organ qoshida kinematografiyaning yetakchi mutaxassislaridan iborat ekspert kengashini tuzish ko‘zda tutilgan. U ikki yo‘nalishda faoliyat olib boradi. Kengash xususiy va xorij kinostudiyalarining filmlarini baholash va ularning namoyish etilishi uchun ruxsat berish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, kinofilmlarni tomoshabinlarning yosh guruhlari bo‘yicha tasniflaydi (ya’ni tomoshabinning yoshi bo‘yicha cheklov kiritishi mumkin).
Milliy asarlarning namoyish etilishida xorij asarlariga nisbatan foiz hisobida majburiy vaqt kvotasini o‘rnatish hamda milliy kanallarda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan kinofilmlar bo‘yicha ham kvota ajratish taklif qilinmoqda.
Davlat budjeti hisobidan ishlab chiqarilgan kinomahsulotlar davlat kanallari orqali bepul reklama qilinadi, prokatga chiqarilganidan keyin teleekranlarda namoyish etiladi va muallif yoki film egasining ruxsati bilan elektron axborot tashuvchilar (DVD, CD va boshqalar)da chiqariladi.