TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Moskvada mehnat qilayotgan migrantlar uchun patent to‘lovi narxi 2017-yilda ham joriy yilgidek qoladi, Moskva hukumati tomonidan poytaxt qonunchiligiga tegishli tuzatishlar kiritildi, deb xabar berdi Moskva shahri iqtisodiy siyosat va rivojlanish departamenti matbuot xizmati.
Tayyorlangan tuzatishlar mehnat migrantlari uchun patent to‘lovi narxini belgilashda foydalaniladigan hududiy koeffitsiyentini pasaytiradi, dedi Moskva hukumati vaziri, shahar iqtisodiy siyosat va rivojlanish departamenti rahbari Maksim Reshetnikov.
Eslatib o‘tamiz, patent to‘lovi narxi soliq kodeksi tomonidan belgilab berilgan patentning bazaviy narxi hamda har yili iqtisodiy taraqqiyot vazirligi va hududlar tomonidan o‘rnatiladigan ikki koeffitsiyent orqali aniqlanadi.
Yaqin orada iqtisodiy taraqqiyot vazirligi 2017-yil uchun federal koeffitsiyent-deflyatorni rasman tasdiqlaydi. Qonunchilikka tuzatish kiritishning mavjud emasligi o‘z-o‘zidan poytaxtda patent to‘lovi narxi oshib ketishiga olib kelardi, shuning uchun Moskva hukumati hududiy koeffitsiyentni pasaytirish haqidagi qonun loyihasini tayyorladi. Bu esa patent to‘lovi narxining oyiga 4200 rubl miqdorida qolishini ta’minlaydi.
Maksim Reshetnikovning aytishicha, bu chora shahar iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan xorijlik fuqarolarni Rossiya mehnat bozoriga bundan buyon ham jalb qilishga imkon beradi. Shu bilan birga, ishchi kuchining sifati kafolati ham saqlanib qoladi, chunki patent narxi yetarlicha darajada baland.