TOShKENT, 24 okt — Sputnik. Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, "O‘zbekiston pochtasi" aksiyadorlik jamiyati narxi meyorlashtirilgan ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlar ko‘rsatuvchi tabiiy monopoliya subyektlari ro‘yxatiga kiritildi, deb xabar beradi Nuz.uz. Kompaniyaga nisbatan ustav kapitalining kamida 15%ini xorijiy investitsiya tashkil etishi lozimligi haqidagi talab tatbiq etilmaydi.
"O‘zbekiston pochtasi" 14 mintaqaviy filial, 177 tuman va shahar tarmoqlari hamda 2987 pochta aloqa bo‘limlaridan iborat. 1994-yil fevralida kompaniya Butunjahon pochta ittifoqiga a’zo bo‘lgan va uning faoliyati ushbu ittifoqqa a’zo davlatlar hududida xalqaro pochtani qabul qilish hamda yetkazib berish bo‘yicha amaldagi xalqaro talab va qoidalar asosida shakllana boshladi.
Ayni paytda "O‘zbekiston pochtasi" butun mamlakat hududida milliy operator sifatida universal xizmat ko‘rsatmoqda va shu bilan birga Butunjahon pochta ittifoqining 100dan ortiq a’zo mamlakatlari bilan xalqaro pochta almashinuvini amalga oshirmoqda.