"O‘zneftmahsulot" benzin tanqisligi haqidagi shov-shuvlarga oydinlik kiritdi

© Sputnik / Aleksey Malgavko / Mediabankka o‘tishHaydovchi benzin olmoqda
Haydovchi benzin olmoqda - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Kompaniya benzin tanqisligiga bir necha omillar sabab bo‘layotganini bildirdi

TOShKENT, 20 okt – Sputnik. "O‘zneftmahsulot" aksiyadorlik kompaniyasi so‘nggi kunlarda Toshkent shahrida avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar kuzatilayotgani yuzasidan murojaat bilan chiqdi.

Bu holat haydovchilarning e’tirozlariga va turli mish-mishlarga sabab bo‘layotgandi. Kompaniya saytida e’lon qilingan murojaatda yuzaga kelgan vaziyat "O‘zneftmahsulot" bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablarga aloqador ekani aytiladi.

"Birinchidan, deyiladi xabarda, shahrimizga viloyatlardan qatnayotgan ko‘pchilik avtomobillar egalari chayqovchilik niyatida turli yo‘llar bilan keragidan ortiqcha miqdorda avtobenzin olib chiqib ketishmoqda. Bunday holatning oldini olish maqsadida kompaniyamiz tomonidan "O‘zdavneftgazinspeksiya" va tegishli huquqni muhofaza qilish organlari bilan birga profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda".

AYoQSh va AZLK - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda benzin qimmatmi?

Ikkinchi sabab sifatida aholi orasida AYoQShlarda avtobenzin kamayib ketishi haqidagi xabarning tarqatilayotgani ko‘rsatilgan. "O‘zneftmahsulot" aksiyadorlik kompaniyasi neftni qayta ishlash zavodlari yonilg‘i mahsulotlarini yetarlicha ishlab chiqarayotgani va bundan buyon AYoQShlarga nafaqat belgilangan miqdorda, balki unga qo‘shimcha miqdorda ham avtobenzin yetkazib berish rejalashtirilganini bildirdi.

Murojaatda ayrim avtomobil egalari o‘z uylari yoki garajlarida avtobenzinni zaxira qilib qo‘yishga kirishishgani, xavfli yonilg‘i mahsulotlarining maxsus moslashtirilmagan joylarda saqlanishi ko‘ngilsiz voqealarga olib kelishi mumkinligi aytilgan.

To‘rtinchi sabab sifatida avtomobillar sonining yildan-yilga ko‘payib borayotganligi ko‘rsatiladi. Bu avtobenzin iste’molining borgan sayin ortib borishiga olib kelayotgani, biroq kompaniya avtobenzin ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini belgilashda bu omilni ham nazarda tutganligi ma’lum qilinadi.

Murojaatda "O‘zneftmahsulot" aksiyadorlik kompaniyasi mazkur vaziyatni barqarorlashtirish uchun neftni qayta ishlash zavodlarida avtobenzin ishlab chiqarish miqdorini mumkin qadar ko‘paytirish, shu jumladan chetdan qo‘shimcha miqdorda uglevodorod xom ashyosini keltirish va iste’molchilarni avtobenzin bilan tegishli miqdorda ta’minlash yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rayotganligi bildirilgan.

Kompaniya rahbariyati murojaatda Toshkent aholisi va mehmonlarini turli shov-shuvlarga ishonmaslikni va xavotirga berilmaslikni, ehtiyojdan ziyod miqdorda yonilg‘i g‘amlamaslikni hamda faol fuqarolik pozitsiyasida turib, yuqorida bayon etilgan omillarning oldini olishda yaqindan hamkorlik qilishni so‘ragan.

Yangiliklar lentasi
0