TOShKENT, 21 okt — Sputnik. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi paxta hosilini yig‘ib olishda xalqaro mehnat standartlariga rioya qilinishi hamda paxta teruvchilar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilishi bo‘yicha milliy monitoring ma’lumotlarini taqdim etdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
2016 yilgi paxta hosilini yig‘ib olishda bolalar mehnati hamda majburiy mehnat milliy monitoringini o‘tkazish uchun federatsiya 13ta territorial ishchi guruhi tashkil etdi. Monitoringda tasodifiy tanlov yo‘li bilan korxona, tashkilot va muassasalar, fermer xo‘jaliklari, paxta dalalariga tashrif uyushtirildi.
Territorial guruhlar respublikaning shahar va tumanlarida 200dan ortiq tashriflar uyushtirishdi. Tashriflar davomida fermer xo‘jaliklari, kasb-hunar kollejlari, litseylar, umumta’lim maktablari, maktabgacha tarbiya va tibbiyot muassasalari, tadbirkorlik subyektlari, hokimliklar, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) konvensiyasining tatbiq etilishi o‘rganildi.
"O‘rganish jarayonida guruhlar 3 mingga yaqin respondentlar bilan XMT tomonidan ishlab chiqilgan so‘rovnomalar asosida intervyular o‘tkazildi. So‘rovda qatnashganlarning ma’lumot berishlaricha, joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumiga qadar va mavsum davomida mas’ul tashkilotlar paxta terish jarayonida mehnat huquqlariga rioya qilinishi bo‘yicha tizimli profilaktika tadbirlarini olib borishgan. Ta’lim va tibbiyot muassasalarining uzluksiz ishlashi ta’minlangan; infrastruktura obyektlari, jumladan, transport, bozorlar, savdo va maishiy xizmat korxonalari, dorixonalar meyoriy tartibda ish olib bormoqda", — deya qayd etadi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi.
Shuningdek, ta’lim muassasalari o‘quvchilarining vaqtini unumli o‘tkazish maqsadida o‘quv mashg‘ulotlaridan keyin to‘garaklar, sport seksiyalari tashkil etilgan.
Federatsiya ma’lumotiga ko‘ra, paxta teruvchilarning mehnat va dam olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ularni issiq ovqat, toza ichimlik suvi, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, yong‘in xavfsizligi, sanitar-gigiyenik sharoitlar bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan. Barcha tuman va shaharlarda paxta terish ishlariga ko‘ngilli ravishda ishtirok etish mumkinligi haqida banner va e’lonlar o‘rnatilgan. Aholi gavjum joylarda, korxona va tashkilotlarda bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi haqida axborot plakatlari joylashtirilgan, ish beruvchilar va fermerlarga mehnatga majburlash va bolalar mehnatidan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishlari haqida ma’lumotnomalar tarqatilgan.
Shu bilan birga monitoring guruhlari tomonidan ayrim kamchilik va nuqsonlar ham aniqlandi. Xususan, oltita kasb-hunar ta’limi muassasasida o‘quvchilarning davomati nisbatan pastligi aniqlandi (70-93%). 50ta fermer xo‘jaligida tegishlicha mehnat va dam olish sharoitlari yaratilmagan: sanitar-gigiyenik sharoitlar talab darajasida emas, mehnatga haq to‘lash vaqtida amalga oshirilmagan.
Barcha aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rildi, mas’ul shaxslardan tushuntirish xatlari olindi. Xususan, ovqatlarning sifati va sanitar-gigiyenik sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha tegishli choralar qabul qilindi, bank xodimlari chaqirilib, paxta teruvchilarning haqlari to‘lab berildi.