TOShKENT, 28 sen — Sputnik. "Ishonch telefoni" O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan tashkillashtirilgan. U orqali paxta terimida bolalar mehnati hamda majburiy mehnatdan foydalanish hollari to‘g‘risida xabar qilish mumkin, deb ta’kidlangan seshanba kuni mahalliy OAVlarda chop etilgan tashkilot xabarida.
"Har bir fuqaro paxta yig‘im-terimida o‘z xohishiga ko‘ra ishtirok etish huquqiga ega. Agar haq-huquqlaringiz poymol etilayotgan bo‘lsa, 1092 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiling", — deyilgan federatsiya xabarida.
Tashkilot xabariga ko‘ra, federatsiya yuridik klinikasi bazasida tashkil qilingan teskari aloqa mexanizmi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. "Bu mexanizm o‘ziga xos call-center vazifasini o‘tamoqda, fuqarolar ular orqali paxta yig‘im-terimi va ijtimoiy mehnat munosabatlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaat etishlari mumkin", — deb ta’kidlangan xabarda.
Shuningdek, Butun respublika bo‘ylab banner, poster va flayerlar joylashtirilgan bo‘lib, ularda "Shaxs qo‘shimcha shartlarsiz terimdan bosh tortishga haqli. Huquqlaringiz buzilgan taqdirda ishonch telefonlariga murojaat qiling", degan so‘zlar aks ettirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2008-yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi "Bolalar mehnatining eng mudhish ko‘rinishlariga barham berish va taqiqlash to‘g‘risida"gi Jeneva Konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Respublika qonunchiligiga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan kollej va litsey talabalari ixtiyoriy ravishda o‘z ota-onalari va qarindoshlariga yordam tariqasida o‘z turar joyiga yaqin bo‘lgan hududda paxta yig‘im-terimiga jalb etilishlari mumkin.
Ushbu Dastur doirasida Xalqaro mehnat tashkiloti bolalar mehnatidan foydalanish holatlarini bartaraf etish borasidagi milliy reja amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Dastur xalqaro va milliy standartlar asosida qishloq xo‘jaligi, shu jumladan, paxtachilik sohasida mehnat sharoitlarini yaratish, aholi bandligini yaxshilashga yo‘naltirilgan.
Joriy yilning avgust oyida O‘zbekiston hukumati va XMT respublikada 2017-2019 yillarga mo‘ljallangan adolatli mehnat dasturi ustida ish boshladilar.
2015 yilning noyabrida o‘tkazilgan monitoring natijasida O‘zbekistonda bolalar va majburiy mehnatiga shart-sharoitlar yo‘qligiga ishonch hosil qilingan edi.
Ammo shu bilan birga, monitoring natijalaridan biri sifatida katta yoshdagi aholi qatlami o‘rtasida majburiy mehnatdan foydalanish xavfini bartaraf etish zarurati qayd etilgan edi.