TOShKENT, 21 okt — Sputnik. 10-12 noyabr kunlari Toshkentdagi Zarqaynar milliy san’at markazida mamlakatdagi yirik moda tadbirlaridan biri Fashion Show "Oltin kuz — 2016" modalar festivali bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekistonning 2016-2017 yilgi mavsumiga mo‘ljallangan zamonaviy liboslar namoyish etiladi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qildi.
Tashkilotchilarning aytishlaricha, moda muxlislarini Mapping 3D texnologiyasi asosidagi ajoyib shou kutadi.
"Uch kun davomida O‘zbekistonning taniqli modelyerlari, MDH mamlakatlaridan taklif etilgan kuturyelar va havaskor dizaynerlarning kolleksiyalari namoyish etiladi. Ulardan 2016-2017 kuz-qish mavsumi uchun mo‘ljallangan turli uslubdagi liboslar o‘rin oladi. Bu yerda bolalar, ayollar, erkaklar, oqshom va milliy liboslari bilan tanishish mumkin bo‘ladi", — dedi loyiha tashkilotchilari.
O‘zbekiston, MDH davlatlarining o‘ttizdan ortiq dizaynerlari ushbu shouda ishtirok etishlarini tasdiqlashdi.
Fashion Show doirasida O‘zbekiston va jahon moda sanoatiga bag‘ishlangan Fashion Ambassador onlayn jurnali taqdimoti bo‘lib o‘tadi. U "Yilning eng yaxshi dizayneri", "Yilning eng yaxshi boshlovchi dizayneri", "Yilning eng yaxshi modeli" va "Yilning eng yaxshi mini-modeli" nominatsiyalarida g‘oliblarni aniqlab beradi.
Fashion Show davomida Zarqaynar milliy markazida parfumeriya mahsulotlari namoyish etiladi.
Tadbirda o‘zbekistonlik dizaynerlarning shou-rumlari ham ochiladi. Ular orasida Lobar Rasulova, Muhammad Ali, Kamola Botirova, Laroom modalar uyi, Guzal, Ra style, Narel, Gulim, Veronika Samokhalova, Kamola Ahmedova, Jasmine, Garneto show, School Fashion Models, Arigato by DM va boshqalar bor.
Eslatib o‘tamiz, bu Toshkent havaskor modelyerlari va tikuvchilari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilayotgan ikkinchi ko‘rgazmadir. Birinchi "Bahor-yoz - 2016" shousi shu yilning fevralida bo‘lib o‘tgandi. Ikki kun davomida Lali, Lobar, Atelye "Art-Anor", Gulyuz Umarova, Bekzod Saidov va boshqalardan iborat 23 dizayner mavsum liboslarini namoyish etishgandi.