TOShKENT, 21 okt — Sputnik. O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi va "Adolat" sotsial demokratik partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarini ro‘yxatga olish uchun zarur hujjatlarni taqdim qildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi vakili.
"Yana ikki partiya — O‘zbekiston XDP va "Adolat" partiyalari bugun Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlarini ro‘yxatga olish uchun zarur hujjatlarni topshirdi", — dedi MSK vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni yetti kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning qonun talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.
O‘zbekiston XDPning 14-oktabr kungi yig‘ilishida partiya markaziy kengashi raisi Hotamjon Ketmonovni Prezidentlikka nomzod etib tasdiqlagandi. Bir kundan so‘ng "Adolat" SDP yig‘ilishida partiya yetakchisi Narimon Umarov Prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi.
Ilgariroq "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi MSKga o‘z nomzodi – parlament quyi palatasi spikeri Sarvar Otamurodov nomzodini ro‘yxatga olish uchun kerakli hujjatlarni taqdim qilgan edi.
Saylov qonunchiligiga muvofiq, nomzod ro‘yxatga olinishi uchun siyosiy partiya jami saylovchilar umumiy sonining 1 foizi (214 ming 350 nafar saylovchi) imzosi qo‘yilgan imzo varaqalarini taqdim etishi kerak. Prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish 30-oktabrda yakunlanadi.
Joriy yilning 23-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan to‘rtta siyosiy partiyaga prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun ruxsat berish haqida qaror qabul qildi. O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan tashqari O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov, O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Umarov Prezidentlikka nomzod etib tasdiqlanishgan.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2-sentabr kuni 78 yoshida vafot etdi. Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev mamlakat rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Prezidentlik saylovlari 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.