TOShKENT, 21 okt — Sputnik. O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi O‘zbekiston Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun kerakli miqdordagi imzolarni to‘pladi va Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Sarvar Otamurodov nomzodi ro‘yxatga olinishi uchun zarur hujjatlarni taqdim etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi ma’lum qildi.
"Juma kuni O‘zbekistonda rasman ro‘yxatga olingan to‘rt partiyadan biri "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Sarvar Otamurodov nomzodi ro‘yxatga olinishi uchun barcha zarur hujjatlarni taqdim etdi", — dedi MSK vakili.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2-sentabr kuni 78 yoshida vafot etdi. Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev mamlakat rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Prezidentlik saylovlari 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Saylov qonunchiligiga muvofiq, nomzod ro‘yxatga olinishi uchun siyosiy partiya jami saylovchilar umumiy sonining 1 foizi (214 ming 350 nafar saylovchi) imzosi qo‘yilgan imzo varaqalarini taqdim etishi kerak. Prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish 30-oktabrda yakunlanadi.
Joriy yilning 23-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan to‘rtta siyosiy partiyaga prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun ruxsat berish haqida qaror qabul qildi. O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan tashqari O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov, O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Umarov Prezidentlikka nomzod etib tasdiqlanishgan.