TOShKENT, 21 okt — Sputnik. O‘zbekistonlik tadbirkorlar Krasnoyarskdagi "Teplofon" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan innovatsion isitgichlarga qiziqish bildirishdi. Hozirda tomonlar mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzishni muhokama qilishmoqda. Bu haqda Krasnoyarsk o‘lkasining iqtisodiy rivojlanish, investitsiya siyosati va tashqi aloqalar vazirining o‘rinbosari Aleksandr Gramatunov Sibir tadbirkorlik forumida ma’lum qildi, deb yozadi NEWSLAB.RU.
Eslatib o‘tamiz, o‘lka hukumati va biznesi vakillari yaqinda O‘zbekistonga ishchi tashrifini amalga oshirdi. Tashrif doirasidagi uchrashuvlarda Krasnoyarsk va O‘zbekiston korxonalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish istiqbollari, yengil sanoat va yog‘ochni qayta ishlash, yoqilg‘i va mashinasozlik sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etish muhokama qilindi.
O‘zbekistonga Krasnoyarskdagi "Teplofon" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan infraqizil panelli isitgichlarni yetkazib berish to‘g‘risidagi dastlabki kelishuv ushbu tashrifning ilk natijalaridan biri bo‘ldi.
"Kompaniya zamonaviy, energiyani o‘ta samarali tejaydigan isitgichlar ishlab chiqaradi. Men yaqinda O‘zbekistonda bo‘lganimda ushbu mahsulot haqida gapirib berdim. Mahalliy iste’molchilar bu mahsulotga katta qiziqish bildirishdi. O‘zbekiston iqlimi issiq bo‘lishiga qaramasdan, qishi juda sovuq bo‘ladi. Hozirda tomonlar shartnoma imzolashga tayyorlanishmoqda", — dedi Aleksandr Gramatunov.