TOShKENT, 18 okt — Sputnik. O‘zbekistonlik tadbirkorlar Krasnoyarsk o‘lkasilik hamkasblari bilan hamkorlikda yog‘ochni qayta ishlash va mashinasozlik sohalarida yangi kompaniya tashkil etishga tayyor. Bu haqda RIA Novosti o‘lka hukumatining axborot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.
"O‘zaro hamkorlik birinchi navbatda yengil sanoat va yog‘ochni qayta ishlash, yoqilg‘i, mashinasozlik sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etish hisobiga o‘rnatiladi. O‘zbekiston iqtisodiyotining imkoniyatlarini ko‘rsatish maqsadida ushbu mamlakat Krasnoyarsk o‘lkasining biznes-missiyasini qabul qilishga tayyor. Missiya tashrifi 2017-yil boshiga rejalashtirilgan", — deyiladi xabarda.
O‘lka iqtisodiy taraqqiyot vazirligining bildirishicha, O‘zbekiston azaldan Krasnoyarsk o‘lkasiga yengil sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish evaziga o‘lkadan yog‘och mahsulotlari, mashina va uskunalar oladi.
"Biroq mamlakat o‘lkadan yoqilg‘i, qayta ishlangan bug‘doy va yog‘och mahsulotlari olish, bizning turistlarni qabul qilishdan ham manfaatdor. Mazkur masalalarni o‘lka tadbirkorlarining O‘zbekistonga safari davomida muhokama qilish ko‘zda tutilgan", — deyiladi o‘lka hukumati tomonidan.
Krasnoyarsk o‘lkasi korxonalari va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2016-yilning yanvar-avgust oylarida 40 million dollardan oshdi. O‘zbekiston Krasnoyarskdan mahsulot import qilish bo‘yicha MDH davlatlari orasida ikkinchi o‘rinda turadi. Mamlakat asosan qayta ishlangan yog‘och, qimmatbaho metallar, kimyo va mashinasozlik mahsulotlari oladi.