TOShKENT, 20 okt — Sputnik. Bir necha hafta ilgari butun o‘zbek internet nashrlarida mashhur xokkeychi o‘zbekistonlik iste’dodli bolakay Salohiddin Azimovning o‘yinlaridan zavqlanganligi haqidagi xabar shov-shuvga sabab bo‘ldi. "Rus raketa"si nomi bilan tanilgan sportchi bolakayning otasiga: "Bunday iste’dodli bola xokkey o‘ynashi shart" dedi.
Sputnik O‘zbekiston muxbirlari yosh iste’dod bilan yaqindan tanishishga qaror qilishdi.
Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston tarixidagi birinchi legionerga aylangan Salohiddin bilan uchrashuvimiz poytaxtdagi NEXT savdo-ko‘ngilochar majmuasida joylashgan muzli maydonda kechdi. Bu yerda nafaqat qahramonimiz, balki haqiqiy erkaklar sporti deb nomlanuvchi xokkeyga mehr qo‘ygan ko‘plab bolakaylarni uchratdik.
Buning asosiy sababchisi esa Salohiddinning otasi, mamlakatda qayta tashkil etilgan "Binokor" xokkey jamoasining sardori Alisher Azimovdir. Ilgarigi jamoa 1980-yillarda sobiq SSSR birinchi ligasida shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Aynan ushbu jamoa tufayli O‘zbekiston xokkey jamoasiga ega bo‘lgan eng janubiy mamlakat sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirgandi.
Sobiq ittifoq davrida yetti yoshli Alisherni dadasi "Yubileyniy" saroyiga xokkey bilan shug‘ullanish uchun olib boradi. O‘shanda butun Markaziy Osiyoga dong taratgan bu sport inshooti minglab bolalarni o‘ziga jalb etardi. Harbiy xizmatdan qaytganidan so‘ng Alisher sevgan mashg‘uloti bilan shug‘ullanmoqchi bo‘ldi, lekin muzli maydon yo‘qolib ketgan, inshoot esa ko‘rgazma zali va ulgurja bozoriga aylantirilgandi.
"Yubileyniy" haqida so‘z ketganida nafaqat yoshligi bu yerda o‘tgan avlod, balki bu afsonaviy sport saroyi haqida eshitgan bugungi yoshlar ham bir xo‘rsinib qo‘yishadi. Darvoqe, yaqinda NEXT maydonida shug‘ullanayotgan yoshlarning ota-onalari sportning xokkey va figurali uchish turlarini ommalashtirish uchun zamonaviy muzli maydonga ega saroy qurish haqida Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga taklif bilan chiqdilar.
Bu taklif amalga oshishini vaqt ko‘rsatadi, bugungi kunda ushbu sport turlarini rivojlantirish vazifasi esa Alisher Azimovga o‘xshaganlar zimmasida.
"2013 yilda O‘zbekistonda birinchi muzli maydon ochildi va biz "Binokor"ni qayta tashkil etishni boshlab yubordik. Yangi jamoa tuzdik, liboslar sotib oldik, mashg‘ulot o‘tkaza boshladik. Birinchi bor Olma Otaga musobaqaga bordik. Shunday qilib asta-sekin ishlarimiz yurishib ketdi. Uchta xalqaro musobaqada ishtirok etdik, barchasida sovrinli o‘rinlarni olish nasib etdi", — deydi u.
2014 yilda jamoa Sochidagi tungi xokkey ligasi festivaliga taklif qilindi. O‘zbekistonliklar o‘z guruhlarida bir nechta uchrashuv o‘tkazishdi, Finlyandiya, Germaniya, Estoniya kabi jamoalarni mag‘lubiyatga uchratishdi va faqatgina Rossiyaga mag‘lub bo‘lishdi.
"Xokkey bizning qonimizda, qalbimizdan joy olgan. U hayotimizning oxirigacha yuragimizda qoladi", — deydi Alisher Akramovich.
Shuning uchun uning uch o‘g‘lidan biri Salohiddin ushbu mashaqqatli va og‘ir sport turini tanlagani bejiz emas. Qizig‘i, Azimovning besh yoshli nabirasi ham xokkeyga qiziqadi – xokkeychilar sulolasi voyaga yetapti, deb hazillashadi tajribali bobo.
"Bolalar bilan ikki yildan buyon shug‘ullanmoqdamiz. NEXTga rahmat, ular bizga mashg‘ulotlar uchun imkoniyat yaratib berishdi. Qozog‘istonda chiqish qildik. Keyin esa qozog‘istonliklar kelishdi, bahorda ular bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdik. O‘shanda ular Salohiddinga e’tibor qaratishdi, mehmonlar uning o‘yini va kiritgan gollariga guvoh bo‘lishdi. Shundan keyin uni "Armada" klubiga taklif etishdi, bu uning professionallik sari qo‘ygan yaxshi qadami bo‘ldi", — deydi Alisher Azimov.
Salohiddin shu yilning sentabridan boshlab qozoq klubida legionerga aylandi va Qizilo‘rdada o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Qozog‘iston chempionatining ilk o‘yinida u sakkizta shayba kiritdi va uchta uzatmaga mualliflik qildi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 11 ochko olgan jamoaning eng yosh o‘yinchisi (yetti yoshli Salohiddin 2007-2008 yilda tug‘ilgan xokkeychilar guruhida ishtirok etadi) eng yaxshi o‘yinchi deb topildi.
Do‘stlari Alisher Azimovga telefon orqali Pavel Bure bilan so‘zlashishda yordam berishdi. Ular mashhur xokkeychiga Salohiddinning o‘yini tasvirlangan videorolikni jo‘natishgan va yosh xokkeychi Burega juda ma’qul tushgan. Tez orada bolakayning kelajagini belgilab beradigan uchrashuv bo‘lishi lozim.
Salohiddin SSKAning bolalar xokkey maktabida o‘qishni orzu qiladi. Bure Salohiddinni shaxsan o‘zi sinovdan o‘tkazishga va’da bergan. Yana bir jihati borki, ushbu afsonaviy xokkey maktabiga 10 yoshdan boshlab qabul qilinadi, Salohiddin esa endigina yetti yoshga to‘ldi. Yana uch yil kutishga to‘g‘ri keladi.
Yosh qahramonimiz esa hayotda juda uyatchan, lekin maydonda emas. U maydonga tushishi bilan o‘zgacha kayfiyatga ega bo‘ladi.
"Xokkey bilan shug‘ullanishni boshlagan bir yarim yil ichida o‘g‘lim juda o‘zgardi. Ilgarilari u nimjon, onasining yonidan ketmasdi, lekin xokkey bilan shug‘ullanishni boshlagach, unda qat’iyat paydo bo‘ldi", — deydi katta Azimov.
"Xokkeyga bo‘lgan mehr sizdan Salohiddinga o‘tganmi yoki bu murabbiyligingiz natijasimi?", degan savolimizga u xokkeyga bo‘lgan muhabbat, deb javob qaytardi.
"O‘g‘lim mana shu muhitda ulg‘aydi, biz televizor orqali barcha o‘yinlarni birga tomosha qilardik, hozir YouTubeda ko‘ramiz, muhokama qilamiz. U mashg‘ulotlardan uyga qaytganidan keyin ham chavgon va to‘pni olib yana mashq qiladi", — deydi Alisher Akramovich.
Otasi Salohiddinning oyog‘iga konki kiydirganida u endigina besh yoshga kirgandi. O‘shandan buyon u har kuni muzli maydonga boradi, otasi uning shaxsiy murabbiyiga aylangan.
"Bilasizmi, — deydi Azimov, — har qanday o‘yinchiga ustozi faqatgina 40% narsa bera oladi, agarda qolgan 60% bo‘lmasa, u holda hech narsa chiqmaydi. Xokkey — sportning eng murakkab, o‘ta tezkor turlaridan biri. Zudlik bilan fikrlash, harakat qilish, shayba uzatish talab qilinadi, bu hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi".
Alisher Azimov rahbarlik qiladigan ikkita o‘smirlar jamoasida iste’dodli bolalar yana topiladi. Maksim Em, Jasur Rustamxonov, Azimxo‘ja Nabiyevlar ham Salohiddin singari professonal xokkeychi bo‘lish orzusida.
Faxriylar jamoasining barcha a’zolarining farzand va nabiralari xokkey o‘ynashadi. Ular O‘zbekiston terma jamoasining bo‘lajak a’zolaridir. Bolalar bu haqda nafaqat orzu qilishadi, balki bir kun kelib shunday bo‘lishiga ishonishadi. Xokkey federatsiyasi tashkil etiladi, xokkeychilar shug‘ullanishlari uchun shaharda alohida joy tashkil qilinadi, ko‘plab iste’dodlar yuzaga chiqadi.
Hozirda esa Azimovning shaxsiy harakatlari natijasida faxriylar jamoasi va yosh xokkeychilar Qozog‘istonga xalqaro musobaqalarga borishmoqda. Biroq bolalar tajribaga ega bo‘lishlari uchun rossiyalik xokkeychilar bilan ham uchrashuv o‘tkazish istagi bor. Salohiddin sevimli xokkeychisi Aleksandr Ovechkinni ko‘rishni orzu qiladi. Hozirda ota-onalar ana shunday uchrashuvlarni tashkillashtirishda yordam beradigan homiylarni izlashmoqda.
Umuman olganda, bugungi kunda O‘zbekistonda xokkeyni "Binokor" jamoasi faxriylari jonlantirishga urinishmoqda. Ular davlatning jiddiy qo‘llab-quvvatlashi va investitsiyalarsiz buni amalga oshirish qiyinligini tushunishadi. Shavkat Mirziyoyevning qabulxonasiga qilingan murojaat ham shu bilan bog‘liq. Umid qilamizki, yana bir necha yildan keyin jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etishga qodir O‘zbekistonning professional xokkey terma jamoasi paydo bo‘ladi.