Kamilov: IHT TIVK Falastinni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi

© AFP / YASSER AL-ZAYYATAbdulaziz Kamilov
Abdulaziz Kamilov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Ikki kun davom etgan sessiya davomida 118ta rezolyutsiya qabul qilindi.

TOShKENT, 19 okt — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri IHT TIVKning 43-sessiyasiga bag‘ishlangan yakuniy brifingda chiqish qildi. Nutq matni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi saytida keltirilgan.

U o‘z nutqida Yaqin Sharqdagi vaziyatni barqarorlashtirish zarurligini bildirdi. Xususan, Afg‘oniston haqida gapirar ekan, Kamilov afg‘on muammosiga harbiy yechim yo‘qligini yana bir bor ta’kidladi.

"Biz Afg‘onistondagi ichki ziddiyatlarni hal qilish butun xalqni yarashtirish jarayonlarini olg‘a surish orqali hamda afg‘onlar rahbarligida va afg‘onlar tomonidan amalga oshirilishi kerak deb hisoblaymiz", — dedi vazir.

Bundan tashqari, Kamilovning so‘zlariga ko‘ra, IHT TIVK Falastin va Al-Quddus Ash-Sharifni,  Falastin xalqining qonuniy va daxlsiz huquqlarini, Yaqin Sharqda tartib o‘rnatish bo‘yicha tinchlik tashabbuslarini hamda Falastin qochoqlari muammolarini adolatli va BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalari va xalqaro huquq normalariga muvofiq hal qilinishini yana bir bor to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

"IHTga a’zo davlatlar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi vaziyatni BMT Nizomidagi tamoyillar va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga muvofiq ravishda inqirozlarni siyosiy yo‘l bilan tartibga solish orqali zudlik bilan barqarorlashtirish zarurligi to‘g‘risida yagona fikrga egadirlar", — dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.

Abdulaziz Kamilovning ma’lum qilishicha, ikki kun davom etgan sessiya davomida 118ta rezolyutsiya qabul qilindi.

IHTga a’zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi - Sputnik O‘zbekiston
Toshkent shahrida IHT TIVKning 43 sessiyasi o‘z ishini boshladi

"Ishimiz yakunlariga ko‘ra Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat IHTning obro‘li va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan bir qatorda o‘zining munosib o‘rniga egaligini ta’kidlaydi hamda musulmon ummati birligini ta’minlash, mustahkam tinchlik va xavfsizlikni o‘rnatish, a’zo davlatlarga barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida tashkilot faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirishga chaqiradi", — dedi Kamilov.

Kamilov sessiya doirasida "Yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish va bunyodkorlik salohiyatini rag‘batlantirish" mavzuyida yig‘ilish o‘tkazilgani hamda unda a’zo davlatlarning yoshlar siyosati va mazkur sohadagi hamkorlik istiqbollari masalalari yuzasidan batafsil va samarali fikr almashilganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, sessiyada IHTning yigirma olti a’zo davlatlari vakillari ishtirok etdi. Sessiyada shuningdek, IHT bosh kotibi, Islom taraqqiyot banki prezidenti, AQSh, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya va Shveysariyaning maxsus elchilari, qator xalqaro va hududiy tashkilotlar vakillari qatnashdilar.

IHT 1969-yil sentabrda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda islom birdamligini ta’minlash uchun tashkil etilgan. 2011-yilga qadar u Islom konferensiyasi tashkiloti nomi bilan atalgan. IHTga 57 mamlakat a’zo. O‘zbekiston ushbu tashkilotga 1996-yilda a’zo bo‘lgan. Rossiya 2005-yildan buyon tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.

Yangiliklar lentasi
0