TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga Toshkent davlat Texnika universiteti texnika fanlari doktori, professori Avazjon Maraximov rektor etib tayinlandi. Bu haqda oliy o‘quv yurti saytida xabar berilmoqda.
U shu yilning mayida rektor etib tayinlangan fizika-matematika fanlari doktori, professor Abdurahim Abdushukurov o‘rnini egalladi. Abdushukurovdan oldin esa 2015-yilning yozida Shuhrat Sirojiddinov universitetga rektor etib tayinlangandi.
Avazjon Maraximov 2010-2011 yillarda Xalq ta’limi vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ungacha esa Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Milliy universitetga rektor etib tayinlanguniga qadar Maraximov Toshkent davlat texnika universitetining "Boshqarishda axborot texnologiyalari" kafedrasi professori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.