TOShKENT, 3 okt — Sputnik. Samarqand davlat universitetiga 1999-2003 yillarda mazkur oliygohni boshqargan Rustam Xolmurodov rektor etib tayinlandi. U Alimjon Xolmuhammedovning o‘rnini egalladi, deb xabar beradi nuz.uz.
Texnika fanlari doktori, professor Rustam Ibragimovich Xolmurodov 1949-yilda tug‘ilgan. U Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutini tamomlagach, shu yerda assistent, dotsent sifatida faoliyat ko‘rsatgan, keyinroq kafedra mudiri, qurilish fakulteti dekani bo‘lgan.
1989 yildan 1997-yilgacha mazkur institut rektori lavozimida ishlagan, 1997-1999 yillarda esa O‘zbekiston ta’lim vazirining o‘rinbosari sifatida ish olib borgan. Keyin esa to‘rt yil davomida Samarqand davlat universitetini boshqargan.
2003 yilning 16-dekabrida Rustam Xolmurodov Samarqand viloyati hokimligiga tayinlangan va 2004-yil 9-iyulga qadar ushbu lavozimda faoliyat yuritgan.
Ta’kidlash joizki, Samarqand davlat universitetining rasmiy saytidagi "Rahbariyat" bo‘limida hali ham Alimjon Xolmuhammedovning ism-sharifi turibdi.