TOShKENT, 18 okt – Sputnik. 20—21 oktabr kunlari Toshkent shahrida “O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilinishini ta’minlashning milliy tizimi: mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar” mavzuyida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi, deb xabar beradi Uzbekistan Today.
Milliy matbuot markazida mazkur konferensiyaga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ommaviy axborot vositalari xodimlarini xalqaro konferensiyaning maqsadi, vazifalari va dasturi bilan tanishtirdi.
Brifingda O‘zbekistonda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va meyorlari, milliy manfaatlar, o‘zbek xalqining milliy mentaliteti va an’analaridan kelib chiqilgan holda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, ularga rioya qilishni ta’minlash, qo‘llab-quvvatlash izchil yo‘lga qo‘yilganligi e’tirof etildi.
O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasiga demokratiya, huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati shakllanishining asosi sifatida qaraladi. O‘tgan 25-yil davomida mamlakatda inson huquqlari himoyasi sohasida mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 70dan ortiq xalqaro hujjatlarni imzolagan. Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va fuqarolik jamiyati institutlari huquqni himoya qilish sohasida faol ish olib bormoqda.
Xalqaro anjumandan maqsad O‘zbekistonda mustaqillik yillarida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyati samaradorligini oshirish, huquqiy maqomini yanada mustahkamlash borasidagi ishlar to‘g‘risida dunyo jamoatchiligining xabardorligini oshirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni muhokama etishdan iboratdir.