TOShKENT, 18 okt — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida saylov kampaniyasida ishtirok etayotgan jurnalistlar uchun amaliy seminar o‘tkazildi. Bu haqda respublika Markaziy saylov komissiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, Prezident saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi hamda okrug saylov komissiyalari matbuot markazlari xodimlari qatnashdi.
Anjumanda keyingi yillarda saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha to‘plangan tajriba, umume’tirof etilgan xalqaro standartlar hamda xalqaro kuzatuvchilar tavsiyalarini inobatga olgan holda Prezident saylovi bo‘yicha qonunchilik qoidalari va huquqni qo‘llash amaliyoti yanada takomillashtirilganiga e’tibor qaratildi.
Amaliy seminar davomida ommaviy axborot vositalari vakillariga saylovga tayyorgarlik jarayonlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, mamlakat milliy saylov amaliyoti tarixida birinchi bor Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Mazkur Dastur asosida aholining keng qatlami vakillari, xususan, xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan yigit-qizlar, nuroniylar, imkoniyati cheklangan fuqarolar, qamoqda saqlash joylarida vaqtincha saqlanayotgan shaxslar o‘rtasida huquqiy va saylov madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Anjumanda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalarida, jumladan, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarida faol ishtirok etayotganliklari alohida qayd etildi. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a’zolarining 36,8 foizini ayollar tashkil etmoqda.
Tadbirda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda saylov komissiyalari va jurnalistlarning dolzarb vazifalari, milliy saylov tizimi hamda bu boradagi qonunchilik mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etish, saylov kampaniyasini yoritishda jurnalistika janrlari imkoniyatlaridan, zamonaviy media texnologiyalardan samarali foydalanish, saylov komissiyalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Ikkinchi sentabr kuni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 78 yoshida vafot etdi. Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev Prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Prezidentlik saylovlari 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.