TOShKENT, 17 okt — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov bugun O‘zbekistonga tashrif buyurgan Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Iyad Amin Madani bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Suhbat davomida O‘zbekistonning Islom hamkorligi tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi raisligi doirasida 18-oktabr kuni Toshkent shahrida ochiladigan TIVKning 43-sessiyasi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida vazirlar uchrashuvi kun tartibi va amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi hamda bo‘lajak forumni muvaffaqiyatli o‘tkazishdan ikki tomon ham manfaatdorligi ta’kidlandi, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ga a’zo 26 davlatning tashqi ishlar vazirlari IHT tashqi ishlar vazirlari Kengashining 43-sessiyasida ishtirok etishlarini ma’lum qilishgan.
IHT 1969-yil sentabrida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda islom birdamligini ta’minlash uchun tashkil etilgan. 2011-yilga qadar u Islom konferensiyasi tashkiloti nomi bilan atalgan. IHTga 57 mamlakat a’zo. O‘zbekiston ushbu tashkilotga 1996-yilda a’zo bo‘lgan. Rossiya 2005-yildan buyon tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.