TOShKENT, 14 okt – Sputnik. 5-14 oktabr kunlari O‘zbekiston va Qirg‘izistonning hukumat delegatsiyalarining ishchi guruhlari ikki davlat chegarasidagi 55ta uchastkada qo‘shma dala tekshiruvlarini o‘tkazdi, deb xabar beradi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
Vazirlikning xabariga ko‘ra, tekshiruvlar O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha ikki davlat hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi davomida o‘tkazilgan. Muzokaralar yakunlariga ko‘ra tomonlar protokol iimzoladilar.
"Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston Respublikasining Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari bilan Qirg‘iziston Respublikasining Jalol-Obod, O‘sh va Batken viloyatlari tutashgan hududlarda davlat chegaralaridagi 55ta uchastkada qo‘shma dala tekshiruvlari o‘tkazildi", — deyiladi xabarda.
Sentabr oyida O‘zbekiston TIV delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha hukumat delegatsiyalari ikki davlat chegaralaridagi 23ta uchastkada dala tekshiruvlari o‘tkazganligini ma’lum qilgandi.
SSSR tarqalganidan keyin o‘zbek-qirg‘iz chegarasining chorak qismi delimitatsiya qilinmaganligi bois chegarada turli nizolar kelib chiqmoqda. Keyingi uch yil ichida bu yerda bir necha o‘nlab nizoli vaziyatlar yuzaga kelgan.