TOShKENT, 14 okt — Sputnik. O‘zbekistonga uyushtirilgan rasmiy tashrifdan so‘ng Qirg‘iziston hukumati bunga javoban o‘zbek delegatsiyasini kutib olish masalasini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar qilgan Qirg‘iziston hukumati apparati.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi boshida O‘zbekiston tomon Qirg‘izistonning uchta yirik viloyatidan delegatsiya a’zolarini Andijonga taklif qilgan edi. Natijada, 1-oktabr kuni Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Muxammetkalim Abulgaziyev boshchiligidagi Qirg‘iziston Respublikasi rasmiy delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Andijon viloyatiga do‘stona tashrif uyushtirdi.
Taxminlarga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasining javob tashrifi oktabr oyi oxiri — noyabr oyi boshlariga rejalashtirilmoqda. Ikki davlat o‘rtasida memorandum chegaraga yaqin uchta viloyat o‘rtasida imzolangani sababli, rasmiy safar ham Qirg‘izistonning chegaraga yaqin tumanlarining biriga uyushtirilishi taxmin qilinmoqda.