O‘zbek yoshlari Hyundai korxonalarida amaliyot o‘tashlari mumkin bo‘ladi

© AFP 2023 / STRHyundai zavodi
Hyundai zavodi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Ayni paytda Shahrisabz shahrida kasbiy ta’lim markazini tashkil etish bo‘yicha ish boshlangan

TOShKENT, 13 okt – Sputnik. 5-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligida Kim In Shik rahbarligidagi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazilgandi, deb xabar beradi "Jahon" AA. Uchrashuvda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Kvon Yeng U, "Hyundai Engineering Co. Ltd." kompaniyasining  O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Song Dong Jun ham qatnashdi.

Uchrashuvda mehnat vaziri Aziz Abduhakimov o‘zaro manfaatli va amaliy hamkorlik uchun koreyalik hamkorlarga minnatdorchilik bildirib, Koreya kompaniyalari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar O‘zbekiston iqtisodiyotida zamonaviy va yuqori haq to‘lanuvchi korxonalar tashkil etilishi misolida o‘z aksini topayotganligini e’tirof etdi.

Ish bilan band bo‘lmagan aholini, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarini kasbga yo‘naltirish va qayta tayyorlash maqsadida O‘zbekiston mehnat vazirligi KOICA hamkorligida "O‘zbekistonda kasb ta’limi imkoniyatlarini rivojlantirish" loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida respublikaning turli hududlarida kasbiy ta’lim markazlari tashkil etilmoqda.

Janubiy Koreyadagi universitet - Sputnik O‘zbekiston
Samarqandda Koreyaning kasb-hunarga o‘qitish markazi ochildi

Bu yo‘nalishda 2012-yilda Koreya hukumatining beg‘araz granti asosida tashkil etilgan Toshkentdagi kasbiy ta’lim markazi "birinchi qaldirg‘och" hisoblanadi. Bu yerda shu kunga qadar 2 mingdan ortiq yoshlar ta’lim oldilar va yuqori maosh to‘lanuvchi ishlarga joylashdilar.

Ushbu hamkorlikning samarasi natijasida avgust oyining oxirida Samarqandda ikkinchi kasbiy ta’lim markazi qurib bitkazildi va 26-sentabr kuni 240 nafar o‘quvchini qabul qildi. Mazkur markazda avtomobillar diagnostikasi va texnik xizmat ko‘rsatish, mashinasozlik texnologiyasi va chilangarlik, elektronika va elektrotexnika, axborot tizimlari va texnologiyalari yo‘nalishlarida malakali mutaxassislar tayyorlanadi.

Ta’kidlash kerakki, ushbu markazlarning bitiruvchilari o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ilgaritdan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha tegishli korxonalarga ishga joylashadilar.

O‘quv markazlarining o‘qituvchi va kasbiy ta’lim ustalari Koreyadagi yetakchi texnika universitetlari professorlari ishtirokida tanlab olingan. O‘qituvchi va ustalarning ma’lum bir qismi Janubiy Koreya professional ta’lim va texnologiyalar universitetida malaka oshirdilar.

Uchrashuvda ishtirok etgan "Hyundai Engineering Co. Ltd." kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori ikki mamlakat hamkorligiga va respublikada keng miqyosda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi mehnat vazirligi, "Hyundai Engineering Co. Ltd." kompaniyasi va KOICA o‘rtasida kasbiy ta’lim markazlari bitiruvchilarining "Hyundai Engineering Co. Ltd." kompaniyasi korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tashlari hamda ishga joylashishlarini tashkil etish, zamonaviy o‘quv qo‘llanmalari va dasturlarini ishlab chiqish va tatbiq etish, yetuk kadrlarni tayyorlash bilan bog‘liq ma’lumotlarni almashish, kasbiy ta’lim markazlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun insoniy va moddiy resurslarni jalb etish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Ayni paytda Hukumatlararo kelishuvga muvofiq Shahrisabz shahrida kasbiy ta’lim markazini tashkil etish bo‘yicha ish boshlangan bo‘lib, bunday markazlarni Urganch va Qo‘qonda ham tashkil qilish rejalashtirilgan.

Yangiliklar lentasi
0