TOShKENT, 13 okt — Sputnik. O‘zbekiston kuch tizimi xodimlari tojikistonlik yirik narkokuryerni qo‘lga olish operatsiyasini o‘tkazdilar.
Olingan ma’lumotga ko‘ra, jinoyatchi tungi vaqtda Tojikistondan Toshkent viloyatining Bekobod tumaniga ko‘p miqdordagi giyohvand modda bilan o‘tishi lozim edi.
Maxsus xizmat xodimlarining sa’y-harakatlari bilan Tojikiston fuqarosi, So‘g‘d viloyati Zafarobod tumanida yashovchi 46 yoshli Abdurahmon Berdiqulov chegarani kesib o‘tgan chog‘ida qo‘lga olindi.
"Dastlabki tekshiruvda ma’lum bo‘lishicha, qo‘lga olingan bu shaxs giyohvand modda kontrabandasi uchun ilgari O‘zbekistonda sudlangan va 2014-yilda amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan. Uning yonida bo‘lgan sport sumkasi tekshirilganida, uning ichida 2 kilogramm geroin moddasi borligi aniqlandi", — dedi kuch tizimidagi manba.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-(Kontrabanda) va 273- (Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.