TOShKENT, 10 okt – Sputnik. AQSh va Buyuk Britaniya elchilari diplomatik muassasalarning rasmiy saytlarida Qirg‘izistonda teraktlar yuz berishi ehtimoli borligi haqidagi xabarlar paydo bo‘lganligi bois respublika tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, deb xabar beradi RIA Novosti Qirg‘iziston TIV matbuot xizmatiga asoslanib.
Kuni kecha AQSh va Buyuk Britaniyaning Bishkekdagi elchixonalari saytlarida "Oktabrda Qirg‘izistonda terrorchilik xavfi o‘ta kuchli bo‘lishi, terrorchilar Qirg‘iziston hukumati vakillari va chet ellik diplomatlarga hujum qilishlari, odam o‘g‘irlashlari va garovga olishlari mumkinligi haqida ma’lumot olinganligi" ma’lum qilingandi.
Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bunday axborotga ega emasligini, elchixonalar esa bu borada hech qanday ma’lumot berishmaganini bildirdi. TIV axborot bo‘limi esa o‘z navbatida terrorchilik xavfi haqida gapirishga erta ekanligini ma’lum qildi.
"AQSh va Buyuk Britaniyaning Qirg‘izistondagi elchixonalari tomonidan shu yilning oktabr oyida Qirg‘izistonda terrorchilik hujumlari bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqatilgani sababli tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Emil Kaykiyev AQSh elchisi Sheyla Guoltni va BB elchisi Robin Ord-Smit bilan uchrashdi", — deb xabar beradi Qirg‘iziston TIV.
Uchrashuv davomida tomonlar "axborot almashib turish va terrorizmga qarshi kurash va ogohlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar", deyiladi matbuot xizmati tomonidan.
Eslatib o‘tamiz, 30-avgust kuni ertalab xudkush terrorchi Bishkekda Xitoy elchixonasi darvozasini buzib kirib, mashinaga o‘rnatilgan kuchli portlovchi moslamani ishga tushirdi. Oqibatda elchixonaning uch xodimi jarohatlandi. Diplomatlarga zarar yetmadi. Elchixona binosiga katta zarar yetdi.