TOShKENT, 10 okt – Sputnik. AQSh va Buyuk Britaniya elchixonalari o‘z fuqarolarini Qirg‘izistonda oktabrda terrorchilik xavfi kuchayishi haqida ogohlantirishdi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, terrorchi va ekstremist guruhlar Qirg‘iziston hukumati vakillariga va chet ellik diplomatlarga hujum qilishlari, odam o‘g‘irlashlari va garovga olishlari mumkin ekan.
“Biz olgan ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda Oktabr oyida terrorchilik xavfi o‘ta kuchli bo‘ladi. Terrorchilar Qirg‘iziston hukumati vakillari va chet ellik diplomatlarga hujum qilishlari, odam o‘g‘irlashlari va garovga olishlari mumkin. Britaniya fuqarolariga nisbatan hech qanday aniq ma’lumot bo‘lmasada, biz o‘z fuqarolarimizdan jamoat joylarda hushor bo‘lishni, odam gavjum joylardan uzoqroq yurishni va mahalliy hukumat tomonidan berilgan xavfsizlik tavsiyanomalariga amal qilishni so‘raymiz”, — deyilgan Buyuk Britaniya elchixonasi sahifasida.
Xuddi shunday ma’lumot AQSh elchixonasi saytida ham e’lon qilingan.
Elchixonalar o‘z fuqarolaridan ayniqsa Qirg‘iziston janubiga – O‘sh, Batken va Jalol-Obod viloyatlariga sayohat qilganda ehtiyot bo‘lishni so‘rashgan.
“Qirg‘izistonning O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaralari ham kutilmaganda berkitilishi mumkin. Oxirgi oylar davomida u yerlarda bir necha hodisalar yuz berdi”, — deyilgan xabarda.
Shuningdek, elchixonalar o‘z fuqarolariga Qirg‘izistonga sayohat qilganda albatta tibbiy sug‘urta olishni va doimo o‘z pasportlarini yonlarida olib yurishni maslahat berishgan.
Eslatib o‘tamiz, 30-avgust kuni ertalab, xudkush terrorchi Bishkekda Xitoy elchixonasi darvozasini buzib kirib, mashinaga o‘rnatilgan, kuchli portlovchi moslamani ishga tushirdi. Oqibatda uch elchixona xodimi jarohatlandi. Diplomatlarga zarar yetmadi. Elchixona binosiga katta zarar yetkizildi.