TOShKENT, 10 okt – Sputnik. Shu kunlarda Andijon shahrida qurilish va obodonlashtirish ishlari qizg‘in ravishda olib borilmoqda, deb xabar beradi Andijon viloyati hokimligi portali.
Shaharning Eski shahar qismida katta miqyosdagi rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi xodimi Sarvarbek Komilovning “Andijonnoma” gazetasi muxbiri bilan suhbatda ma’lumot berishicha, Andijonning Eski shahar qismidagi Adabiyot va san’at muzeylari birlashtirilib, o‘lkashunoslik muzeyi binosi ta’mirlanadi va bu yerda Yoshlar markazi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Jome’ arxitektura majmuasi rekonstruksiya qilinib, uning oldida mo‘’jaz xiyobon barpo etilib, “Andijon Registoni”ga aylantiriladi. Ushbu ko‘cha “Ma’naviyat va ma’rifat” ko‘chasi deb nomlanadi.
Oltinko‘l ko‘chasi kengaytirilib, Mustaqillik ko‘chasi deb qayta nomlanadi. Ko‘chaning ikkala tomonidan 2 va 3-qavatli turar joy binolari qurilib, ularning 1-qavatlarida xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashtiriladi.
Oqravot ko‘chasidagi qurib bitkazilmagan bino o‘rnida ko‘p qavatli “Kamolot” uyi barpo etiladi. Bu ko‘chani Yoshlar ko‘chasi deb atash mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, Yangi shahar hududidagi Bobur maydonida musiqali favvora quriladi. Maydon yonidagi Temiryo‘lchilar madaniyat uyida buyuk alloma, shoir Bobur Mirzo sharafiga muzey tashkil etiladi hamda bu muzey maydon va favvora bilan yaxlit bir majmuani tashkil etadi.