TOShKENT, 8 okt — Sputnik. Toshkentning Sergeli massivida maktab o‘quvchilarini o‘g‘irlashga uringan erkak haqidagi xabarlar o‘tgan hafta internet tarmog‘ini ostin-ustun qilib yubordi. Farzandlari hayoti xavf ostida ekanligidan havotirga tushgan ota-onalar shubxali shaxs haqidagi ma’lumotlarni internet tarmog‘i orqali tarqata boshlagan edi, toki boshqa ota-onalar ham ogoh bo‘lishlari uchun…
Ma’lumotlarga ko‘ra, ota-onalardan biri maktab oldida nazorat o‘rnatgan tezkor guruh xodimlari qanday qilib shubhali shaxsni qo‘lga olishgani guvohi bo‘lgan.
"To‘ng‘ich o‘g‘lim bilan tushlik vaqtida maktabdan qaytayotgan mahalimiz bir qiziq voqeaga guvoh bo‘ldik: bizdan 100 metr naridagi hovliga bir erkak yugurib kirib ketdi, uni ikki kishi quvlab kelayotgan edi. "Ushla uni" deya baqirishdi. Allaqanday notanish erkak yordamida qochoq qo‘lga olindi. Nima bo‘layapti ekan, degan qiziqishda o‘g‘lim bilan o‘sha tomonga qarab yugurdik, borsak boyagi erkakni militsiya xodimlari mashinaga solib olib ketayotgan ekan", — deb yozgan guvoh ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Sal o‘tmay, jabrlangan o‘quvchining ota-onasiga Sirg‘ali IIBBga jinoyatchini tanishga chaqirilgan.
"Biz militsiya bo‘linmasiga bordik, kabinetga kirishimiz bilan o‘g‘lim darhol uni tanidi. Erkakning yonida o‘sha o‘g‘lim tilga olgan pichoq borligi aniqlandi. Shuningdek, uning yonidan soxta hujjat ham aniqlangan. Ismini bizga aytishmadi. Bilganimiz, u Jizzaxdan, muqaddam sudlangan shaxs ekan", — deb yozadi u.
Boshqa bir jablanuvchi ham "ovchi" aynan shu erkak ekanligini tasdiqlagan. Ota-onalarning so‘zlariga qaraganda, qo‘lga olingan shaxs bolalarni o‘g‘irlashga harakat qilgani haqidagi ayblovni to‘liq inkor etmoqda. U huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga "shunchaki uyali telefonni o‘g‘irlash niyatida bo‘lgani" haqida iqror bo‘lgan.
Sputnik muxbirlari ushbu hodisa rivojini kuzatib boradilar.