TOShKENT, 8 okt — Sputnik. Toshkent shahar hokimining "Toshkent shahrida internet tarmoqlari va kompyuter orqali xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik subyektlarining faoliyatini muvofiqlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, internet kafe va kompyuter klublari soat 21:00 gacha ish olib borishi belgilangan.
Afsuski, ushbu qaror bajarilishi o‘rganilganda, uning talablarini buzib kelayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar borligi aniqlanmoqda. Bu haqda hokimlik axborot xizmati xabar bergan.
Xususan, tumanlarda tashkil etilgan ishchi guruhlari tomonidan 2016-yil 3—6 oktabr kunlari shahardagi 63 ta internet kafe va kompyuter klub faoliyati o‘rganilganda:
Mirobod tumani, Fitrat ko‘chasi, 28-uyda joylashgan ZOIR-SIDDIQ BIZNES PLYUS MChJga qarashli Chicago kompyuter klubi 3-oktabr, soat 23:00 da va Mirobod ko‘chasi, 27/9-uy, 1,2,3-xonadonlarida joylashgan ART INTER TRAYD MChJga qarashli PRAYM TIME PLAYSTATION kompyuter klubi 5-oktabr, soat 21:20 da;
Yunusobod tumani, 14-mavzeda joylashgan PLAYSTATION-3 kompyuter klubi 3-oktabr, soat 23:00 da va 11-mavzeda joylashgan GAME CLUB 3-oktabr, soat 23:30 da;
Yashnobod tumani, Usmon Nosir ko‘chasi, 13-uyning yerto‘la qismida joylashgan PLAYSTATION kompyuter klubi 6-oktabr, soat 23:10 da;
Yakkasaroy tumani, Bratislava ko‘chasi, 2-uyda joylashgan VOLCANO GAME MChJga qarashli ADRENALIN NET kompyuter klubi 6-oktabr, soat 22:30 da;
Shayxontohur tumani, Labzak ko‘chasida joylashgan RESPECT kompyuter klubi 5-oktabr, soat 22:30 da faoliyat yuritayotganligi aniqlandi.
Qaror talablarini buzgan va belgilangan vaqtdan keyin faoliyat yuritganligi aniqlangan ushbu xo‘jalik subyektlariga nisbatan ma’muriy ish hujjatlari rasmiylashtirildi va jinoyat ishlari bo‘yicha tegishli sudlarga yuborildi.
Ushbu yo‘nalishdagi tungi reydlar davom ettiriladi.