TOShKENT, 8 okt — Sputnik. 7 oktabr — Butunjahon Munosib mehnat kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, vazirlik va idoralar, NNT, ilmiy muassasalar, kasaba uyushmalari, Xalqaro mehnat tashkiloti, YuNISEF, BMT Taraqqiyot dasturi, YeXHT, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari vakillari qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini, fuqarolarning ijtimoiy-mehnat sohasidagi qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilib, salmoqli natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Bu yo‘nalishlardagi ishlar XMT, Jahon banki, Yevropa ittifoqi Komissiyasi tomonidan ham yuqori baholab kelinayotgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma qarori bilan ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturi qabul qilinmoqda. Ushbu Dastur doirasida 2016-yilda 992 ming nafardan ortiq kishini ishga joylashtirish, jumladan, sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis sohasi, qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish hisobiga 396 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Kichik korxonalar va xususiy tadbirkorlikni kengaytirish, kasanachilikni tashkil etish, fermer va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali 596 ming kishi bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.
E’tiborlisi, hozirgi paytda bu yo‘nalishda samarali ish olib borilmoqda. Mahalliy hokimlik organlari bilan hamkorlikda nogironlar va ko‘p bolali onalar hamda boshqa shaxslarni ishga joylashtirish uchun 100 mingdan ortiq ish o‘rinlari rezerv qilingan bo‘lsa, kollejlarning 480 mingdan ziyod bitiruvchisi bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, tadbirda ta’lim muassasalari va korxonalar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, mehnat bozorining muhim institutlari, ya’ni mehnat inspeksiyalari, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar salohiyati va imkoniyatini yanada rivojlantirish, o‘quv va ilmiy muassasalarni qo‘llab-quvvatlash, mehnat va xalqaro mehnat huquqi bo‘yicha yangi avlod darsliklarini tayyorlash hamda ish beruvchilarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xuddi shu mavzudagi konferensiyalar respublikamizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tdi.