TOShKENT, 7 okt — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Chilining Favqulodda va Muxtor elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) Xuan Eduardo Egigurenani qabul qildi, deb xabar beradi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Chili Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradigan mazkur hujjatda o‘zaro manfaat kasb etadigan ikki tomonlama va xalqaro masalalar bo‘yicha muntazam siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Muloqot davomida turli sohalarda, jumladan BMT va boshqa ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasida O‘zbekiston-Chili munosabatlarini yanada rivojlantirish uchun o‘zaro qiziqish hamda yetarli salohiyat mavjudligi qayd etildi, deyiladi xabarda.
Chili — Janubiy Amerikaning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, rasmiy tili ispan tili.
Chili iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanib borayotgan davlatlardan biridir. Mamlakatda tog‘ kon qazish va ishlab chiqarish sanoati (jahonda mis ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rin), yog‘ochni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi va baliqchilik yetakchi sohalar hisoblanadi.