TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Turkiyalik advokat Mert Yerilmaz AQSh qurolli kuchlari shtab rahbarlari qo‘mitasi raisi Jozef Danford, qurolli kuchlar markaziy qo‘mondonligi rahbari general Jozef Votel va AQSh milliy razvedkasi direktori Jeyms Klepperni Turkiyadagi davlat to‘ntarishiga urinishda aloqadorlikda ayblab Istanbuldagi Bakirkey okrugi prokuraturasiga da’vo qildi, deb xabar beradi RIA Novosti Hurriyet gazetasiga tayanib.
Advokat o‘z da’vosida Turkiya janubidagi Injirlik bazasida xizmat qilgan davlat to‘ntarishiga uringan turk ofitserlari ushbu bazadagi amerikalik harbiylar bilan sheriklikda harakat qilishganligini bildirgan. Da’voda aytilishicha, isonchilar samolyotidagi bombalar Turkiya qurolli kuchlari ixtiyorida bo‘lmagan.
Injirlik bazasi boshlig‘i general Bekir Erjan Van ison bostirilganidan so‘ng AQShdan siyosiy boshpana so‘ragan, biroq AQSh rad etganidan so‘ng hibsga olingandi. Advokat shuningdek, generalning to‘ntarishga urinish chog‘ida Injirlikdagi amerikalik harbiylar bilan maslahatlashganini aytgan Vanning qo‘l ostidagilarning ko‘rsatmalarini ham keltirgan.
Gazeta Yerilmazning da’vosi to‘ntarishga urinish haqidagi ishni tergov qilish jarayonida ko‘rib chiqilishi haqida xabar berdi.
16 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada bir guruh isonchilar harbiy to‘ntarish qilishga urinishdi. Asosiy to‘qnashuvlar Anqara va Istanbulda bo‘lib o‘tdi. 246 fuqaro halok bo‘ldi, 2 mingdan ortiq kishi jarohatlandi, ison bostirildi.
Turkiya hukumati Gulenni to‘ntarishga urinishda aloqadorlikda aybladi va AQShdan uni topshirishni so‘radi. Gulenning o‘zi isonni qoraladi va o‘zining bunga aloqasi yo‘qligini bildirdi.
Ilgariroq Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘on turk harbiylarining isondan keyin hibsga olinishiga nisbatan Votel bergan bayonotni keskin tanqid qilib, uni isonchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblagandi.