TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Toshkentdagi "Islom ota" jome’ masjidi yangi binosining ochilishi munosabati bilan 6-oktabr kuni tongda ehson oshi berildi. Marosimdan fotoreptoraj Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan.
Marosim taklifnomasida qayd etilishicha, tadbir "Islom ota" jome’ masjidi yangi binosining ochilishi shukronasi hamda O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov ruhi poklariga savobi yetsin degan umidda" tashkil etilgan.
"Islom ota" jome’ masjidi jamoasining ma’lum qilishicha, masjidning yangi binosi "Yurtboshimizning kenja qizlari Lola Karimova-Tillayeva va kuyovlari Timur Tillayev homiyligida" butkul qayta qurilgan.
Eslatib o‘tamiz, masjidni tiklash ishlari o‘tgan yilning so‘ngida boshlanib 9 oy davom etgan. Bugun jome’ masjidining umumiy maydoni qariyb ikki barobar oshgan bo‘lib, 2900 kvadrat metrdan 5400 kvadrat metrgacha kattalashdi. Endi masjidda 560 kishi namoz amallarini ado etishi mumkin.
Masjidning asosiy binosi balandligi 22,1 metrni tashkil etuvchi gumbaz, 36,65 metrlik katta minora va har birining balandligi 10,82 metr bo‘lgan to‘rtta kichik minoralardan iborat. Majmuaning loyihalashtirish va qayta tiklash ishlarida me’mor va quruvchilar Markaziy Osiyoda masjidlar qurish qoidalariga to‘liq amal qildilar.
Masjid binosining ichki va tashqi tomonlaridagi ko‘plab naqshlar ham Markaziy Osiyo me’morchilik maktabi an’analariga mansub holda yaratildi. Masjid ichkarisida gumbaz va devorlarga muqaddas Qur’oni Karim oyatlari malakali hattotlar tomonidan ganch bilan ishlanib yozilgan. Yangi qurilgan majmuada kutubxona va tahorat xonalari ham barpo etildi.
Imkoniyati cheklangan insonlar uchun zarur uskunalar, havoni tozalab beruvchi qurilma va konditsionerlar tizimi moslab o‘rnatildi. Masjid hovlisida dam olish joylari ham yaratildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2-sentabr kuni Toshkentda insult oqibatida vafot etgan edi. Marhum o‘zi tug‘ilib o‘sgan shahar — Samarqandda musulmon urf-odatlariga ko‘ra dafn etildi.