TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Toshkentdagi masjidlardan biri O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov xotirasiga qayta nomlanadi, deya ma’lum qildi seshanba kuni Lola Karimova-Tillayeva.
Ushbu masjidni qayta tiklashdek savobli ishni bajarish baxtini men va turmush o‘rtog‘imga nasib aylagani uchun mehribon Parvardigorga beadad shukronalar va hamdu-sanolar aytaman.
Mamlakatimiz diniy ulamolari hamda keng jamoatchilik taklifiga binoan namozgohga “Islom ota” jome’ masjidi nomi berildi.
Alloh taolodan rahmatli otamning diniy qadriyatlarni tiklash, Vatan ozodligi, yurt tinchligi va el farovonligi yo‘lidagi solih amallarini qabul aylab, O‘z mag‘firatiga olishi hamda oxiratlarini obod etishini iltijo qilamiz.
Masjidni tiklash ishlari o‘tgan yilning so‘ngida boshlanib 9 oy davom etdi. Bugun jome’ masjidining umumiy maydoni qariyb ikki barobar oshgan bo‘lib, 2900 kvadrat metrdan 5400 kvadrat metrgacha kattalashdi. Endi masjidda 560 kishi namoz amallarini ado etishi mumkin.
Masjidning asosiy binosi balandligi 22,1 metrni tashkil etuvchi gumbaz, 36,65 metrlik katta minora va har birining balandligi 10,82 metr bo‘lgan to‘rtta kichik minoralardan iborat.
Majmuaning loyihalashtirish va qayta tiklash ishlarida me’mor va quruvchilar Markaziy Osiyoda masjidlar qurish qoidalariga to‘liq amal qildilar. Masjid binosining ichki va tashqi tomonlaridagi ko‘plab naqshlar ham Markaziy Osiyo me’morchilik maktabi an’analariga mansub holda yaratildi. Masjid ichkarisida gumbaz va devorlarga muqaddas Qur’oni Karim oyatlari malakali hattotlar tomonidan ganch bilan ishlanib yozilgan.
Yangi qurilgan majmuada kutubxona va tahorat xonalari ham barpo etildi. Imkoniyati cheklangan insonlar uchun zarur uskunalar, havoni tozalab beruvchi qurilma va konditsionerlar tizimi moslab o‘rnatildi. Masjid hovlisida dam olish joylari ham yaratildi.
Ajdodlarimizdan qolgan shunday bir ibratli ma’lumot borki, Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab Toshkent tomon oysiz tunlarda qatnovchi karvonlar qorong‘uda uzoqdan ushbu masjiddan taralib turgan nurni ko‘rib u tomon yurib kelisharkan. Ushbu fayzli dargohda turli yillarda Mulla Nofiy domla, Ishoq Maxdum domla, Ismoil Mahdum domla, Ahmadjon domla va Rahmatilla Qori domla xizmat qilib kelganlar. Bugungi kunda masjidning imom hatibi vazifasida Abdulhakim Qori domla xizmat qilib kelmoqdalar.
“Islom ota” masjidi bundan keyin ham Islom dinining ezgulik, tinchlik, mehr-muruvvat, rahmdillik, muhtojlarga yordam berish kabi qadriyatlarini targ‘ib qiluvchi muhim ma’naviy-diniy maskan bo‘lib qolishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz. Allohning buyurgani bo‘ladi. Albatta, Alloh barcha narsani O‘z ilmi bilan o‘rab olgandir. Ushbu masjidni qayta tiklash ishlarini boshlagan paytimizda, bu tabarruk dargoh otamning olamdan o‘tganlaridan ozgina vaqtdan so‘ng qayta ochilib, unga rahmatli padari buzrukvorimning nomlari berilishini hayolimizga ham keltirmangan edik.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2-sentabr kuni Toshkentda insult oqibatida vafot etgan edi. Marhum o‘zi tug‘ilib o‘sgan shahar — Samarqandda musulmon urf-odatlariga ko‘ra dafn etildi.