TOShKENT, 7 okt — Sputnik. 2016-yilning 4-oktabr kuni Brussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ishida ishtiroki doirasida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qiladi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Afg‘oniston kun tartibining dolzarb masalalari, jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilingan.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi do‘stlik va qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida turli darajadagi aloqalarni faollashtirish qo‘llab-quvvatlangan.