TOShKENT, 6 okt — Sputnik. 8–10 noyabr kunlari Toshkentdagi "O‘zekspormarkaz" milliy ko‘rgazmalar majmuasida Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi tashkil etiladi, deb xabar berdi “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi.
Xabarda bildirilishicha, yarmarka doirasida O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar va iste’molchilar o‘rtasida davra suhbatlari, ikki tomonlama muzokaralar tashkil etiladi. Shuningdek, yarmarka ishtirokchilarining intensiv bog‘larga, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarga, sovutish komplekslariga tashrif buyurishlari ham rejalashtirilgan.
Yarmarkada 40 dan ortiq mamlakatdan chet el qayta ishlash va savdo kompaniyalari, xalqaro savdo tashkilotlari, savdo-sanoat palatalari, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi vazirlik va idoralar, yuklarni olib borib berish (logistika) bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar vakillari, shuningdek, respublikadagi meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchi hamda qayta ishlovchi korxonalar ishtirok etishi kutilmoqda.
O‘zbekistonning ekologik toza meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish borasidagi imkoniyatlarini yanada kengroq yoritib berish uchun yarmarkada 150 ta mahalliy tashkilotlar, idoralar, logistika kompaniyalarining vakillari, shuningdek 100 ga yaqin yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarni eksport qiluvchilar qatnashadilar.
Yarmarka "O‘zbekoziqovqatxolding" XK, "O‘zagroeksport" AJ va "Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi Direksiyasi" MChJ, "O‘zbekvinosanoat-xolding" XK va "O‘zbekoziqovqatzaxira" assotsiatsiyasi tomonidan tashkil qilinmoqda.
Joriy yilning iyulida Toshkentda ilk marta Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi o‘tkazilgandi. Tashkilotchilarning ma’lum qilishlaricha, yarmarka davomida umumiy qiymati 2 mlrd $ dan ortiq bo‘lgan 270 shartnoma imzolangan. Toshkent Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasiga dunyoning turli mamlakatlaridan 300 ga yaqin vakillar kelgan bo‘lib, ular orasida AQSh, Buyuk Britaniya, BAA, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Fransiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar vakillari ishtirok etgan.