TOShKENT, 6 okt — Sputnik. O‘zbekistonga tashrif buyurgan Belorussiya prezidenti Aleksandr Lukashenko respublikaning birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi, deb xabar berdi RIA Novosti Belorussiya prezidentining matbuot xizmatiga tayanib.
"Davlat rahbarining samolyoti Samarqand aeroportiga kelib qo‘ndi", — deyiladi xabarda.
Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Aleksandr Lukashenkoni O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev kutib olgan.
"Davlat rahbari Shohi Zinda memorial majmuasi yonida joylashgan "Hazrat Xizr" qabristonida Islom Karimovning qabriga gul qo‘ydi. So‘ngra tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning birinchi Prezidenti xotirasiga bir daqiqa sukut saqladilar", — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Shavkat Mirziyoyev Belorussiya prezidentiga qabriston va memorial majmua tarixi haqida so‘zlab berdi. So‘ngra Lukashenko Forumlar saroyiga yo‘l oldi va Karimovning fotosurati yoniga gulchambar qo‘ydi hamda Tatyana Karimova bilan suhbatlashib, unga o‘z hamdardligini bildirdi.
Islom Karimov 2-sentabr kuni 78 yoshida insult oqibatida vafot etdi. Respublika Prezidenti vazifasini vaqtincha bajarish Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga topshirildi. Prezident saylovlari 4-dekabrda bo‘lib o‘tadi.