TOShKENT, 6 okt — Sputnik. "Jabhat Fatah ash-Shom" ("Al-Qoida"ning Suriyadagi qanoti, oldingi "Jabhat an-Nusra") terrorchilik tashkiloti Buyuk Britaniya va Yevropada qator teraktlar uyushtirishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi RIA Novosti Times gazetasiga asoslanib.
Nashrning xabar berishicha, so‘nggi vaqtda "Islom davlati" (ID) terrorchilik guruhi Suriya va Iroqda mag‘lubiyatga uchrayotgani sababli ahvoli og‘irlashgani barobarida "Jabhat Fatah ash-Shom" teraktlar tashkil etmoqchi.
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Maykl Fellonning so‘zlariga ko‘ra, "Jabhat Fatah ash-Shom" Buyuk Britaniya va butun Yevropaga "bevosita tahdid" soladi. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda guruh rahbarlari hujumlar rejasini ishlab chiqishmoqda.
ID va "Jabhat an-Nusra" terrorchilik guruhlarining faoliyati ko‘plab mamlakatlarda taqiqlangan.