TOShKENT, 5 okt — Sputnik. Toshkentda "Kamolot-tur" IX yoshlar velomarafonining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi "Jahon" axborot agentligi.
Mazkur an’anaviy musobaqa "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Madaniyat va sport ishlari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, O‘zbekiston Ekologik harakati, Respublika bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi kabi qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi.
Bu yilgi musobaqaning quyi bosqichlarida 31,6 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Ulardan ikki mingga yaqin havaskor velomarafonchi hududiy bosqichlarda o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Velomarafonning hududiy bosqichlarida g‘alaba qozongan velosportchilar o‘n to‘rt kilometrlik masofaga o‘tkazilgan musobaqaning mamlakat bosqichida ishtirok etdi.
9-14 yoshli ishtirokchilar o‘rtasida xorazmlik Umidjon Baxtiyorov birinchi, namanganlik Akbar Nuriddinov ikkinchi va poytaxtlik Fazliddin Ro‘zimov uchinchi o‘rinni egalladi.
15-17 yoshli havaskor velomarafonchilar o‘rtasidagi musobaqada qoraqalpog‘istonlik Ilhom Yesaliyev marraga birinchi yetib keldi. Qashqadaryolik Asomiddin Boqiyev ikkinchi, andijonlik Muhammadaziz Tursunboyev uchinchi bo‘ldi.
"Velosport bilan to‘qqiz yoshimdan shug‘ullanaman. Musobaqada g‘olib bo‘lganimdan xursandman. Velomarafon tashkilotchilariga rahmat ",-deydi Ilhom Yesaliyev.
18-30 yoshli poygachilar o‘rtasidagi bahslarda Toshkent shahridan Javohir Egamberdiyev oltin, Buxoro viloyatidan Denis Golovanov kumush, Jizzax viloyatidan Nodir Xursanov bronza medalni qo‘lga kiritdi.
"Bu velomarafonda uchinchi marta qatnashmoqdaman. Bu yilgi musobaqalarda qatnashchilar, ayniqsa yoshlar soni ko‘p bo‘ldi. Velomarafon oramizda sport ishqibozlari ko‘pligining isboti bo‘ldi", dedi Egamberdiyev.
Velomarafon ishtirokchilari "Eng yosh ishtirokchi", "Faxriy velopoygachi", "Eng mahoratli texnik poygachi", "Eng irodali velopoygachi" kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlandi.