TOShKENT, 5 okt – Sputnik. O‘tgan haftada Butunrossiya o‘zbeklar, o‘zbekistonliklar kongressi markaziy kengashi raisi, Rossiya prezidenti huzuridagi millatlararo munosabatlar bo‘yicha kengash eksperti Ibragim Xudayberdiyev Samarqandda bo‘ldi va O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi, deb xabar beriladi kongress saytida.
Xudayberdiyev shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili Mahmudxon hoji bilan ham uchrashdi.
Mahmudxon hoji O‘zbekiston xalqi, shu bilan birga boshqa mamlakatlardagi xalqlar ham birinchi Prezident Islom Karimovning xotirasiga hurmat bajo keltirishayotganini, Samarqand shahriga kelib, Prezident qabrini ziyorat qilayotganlarning keti uzilmayotganligini e’tirof etdi.
Ibragim Xudayberdiyev Butunrossiya o‘zbeklar, o‘zbekistonliklar kongressining o‘zbek xalqi milliy an’analarini saqlab qolish va rivojlantirish borasidagi faoliyati haqida so‘zlab berdi.
Suhbat yakunida Mahmudxon hoji Islom Karimov ruhi poklariga bag‘ishlab Qur’on tilovat qildi hamda butun dunyoda tinchlik-omonlik bo‘lishini tiladi.