TOShKENT, 16 sen – Sputnik. Moskvada O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Dastlab tashrif buyurganlar e’tiboriga zamonamizning buyuk davlat arbobi Islom Karimov haqida hujjatli film havola etildi.
So‘ngra Rossiya prezidenti huzuridagi xalqaro munosabatlar bo‘yicha kengash eksperti I.Xudoyberdiyev O‘zbekistonning birinchi Prezidentining hayoti va faoliyati haqida qisqacha so‘zlab berdi hamda uning mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti, mamlakatda va Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash, O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini mustahkamlash borasida amalga oshirgan ishlarini e’tirof etdi.
Shundan so‘ng Moskvadagi “Islom markazi” mahalliy diniy tashkiloti rahbari Renat Alyautdinov Qur’on tilovat qildi.
Xotirlash marosimida ishtirok etgan Musa Jalil nomidagi “Xotira hurmati” loyihasini qo‘llab-quvvatlash fondi raisi Gayar Shabanov, Orlovsk viloyati jamoatchilik palatasining madaniyat ishlari bo‘yicha komissiyasi raisi Aleksandra Semenova, “Rosatom” boshqarmalaridan birining xavfsizlik xizmati rahbari Sergey Konovalov, Moskva hokimiyati qoshidagi millatlararo ishlar bo‘yicha kengash raisi Xursheda Hamraqulova va Moskvadagi turli diasporalar vakillari, ilgari O‘zbekistonda istiqomat qilib hozirda Rossiya Federatsiyasida yuqori lavozimlarda faoliyat ko‘rsatayotgan qator ishtirokchilar Islom Karimovning mamlakat va jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni haqida to‘lqinlanib so‘zladilar va uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
Afg‘onistonlik yozuvchi, Rossiyadagi afg‘on diasporasi vakili Haydar Shoh jumladan shunday dedi: “Rossiyadagi afg‘on diasporasi, butun afg‘on xalqi nomidan ta’ziyamni bildiraman. Islom Karimov vafot etgani yo‘q, u shunchaki bizning olamimizni tark etdi xolos. U o‘z xalqining munosib farzandi, o‘z xalqining munosib otasi, siyosat olamining dahosi edi. U nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni mamlakatlarning ham tinchligi tayanchi edi. Biz Islom Karimovning afg‘on xalqiga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rligidan bir umrga minnatdormiz. O‘z mamlakati tinchligi, xalqi birdamligini saqlay olgan bunday yetakchilar doimo e’zozga loyiq”.
Marosimda ishtirok etganlarning barchasi O‘zbeklar, o‘zbekistonliklarning Butunrossiya Kongressining Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar hamda Moskva shahri meriyasi va Rossiya prezidenti devoni ma’muriyatiga Moskvada Islom Karimov haykalini o‘rnatish yoki ko‘chalardan biriga uning nomini berish taklifi bilan murojaat qilinadigan bo‘ldi.
Xotirlash marosimida milliy an’anamizga ko‘ra palov tortildi va yana bir marta Islom Karimov haqqiga Qur’on tilovat qilindi.