Toshkentda jinoyatchi maktab o‘quvchisini o‘g‘irlab qochishga urindi

© StringerO‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar xodimi ish jarayonida
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar xodimi ish jarayonida - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhlarning birida bolakayning otasi yozib qoldirgan xabarga qaraganda, koreys millatiga mansub erkak uning №301 maktabning 4-sinfida tahsil oladigan o‘g‘li yoniga kelib, o‘zi bilan birga ketishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgan

TOShKENT, 5 okt — Sputnik. Toshkentning Sirg‘ali tumanida ro‘y bergan janjalli hodisa o‘zbek internet olamining eng munozarali mavzularidan biriga aylanmoqda. Internet foydalanuvchilari nafaqat jinoyatchining bolani o‘g‘irlashga uringani, balki bu hodisaga huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining munosabati ham hayratga solmoqda.

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhlarning birida bolakayning otasi yozib qoldirgan xabarga ko‘ra, 4-sinfda tahsil oladigan o‘g‘li maktabdan qaytayotgan mahali, uning yoniga koreys millatiga mansub bir erkak kelib, bolakayni gapga solgan.

O‘zini Sasha, deb tanishtirgan erkak, bolakayga uning otasini yaxshi tanishi, otasi unga ko‘p yaxshiliklar qilgani haqida aytgan va so‘ngra, aldov yo‘li bilan bolakaydan uyali telefonini so‘rab olib, 4-sinf o‘quvchisini Sirg‘ali-8 massivi bo‘ylab aylantira boshlagan.

"Erkak yonidan pichoq chiqarib, o‘g‘limga ko‘z-ko‘z qilgan va shundan so‘ng undan qayerda yashashini so‘ragan. O‘g‘lim atay boshqa uyga ishora qilgan. Shundan so‘ng erkak o‘g‘limni uyiga taklif qilib, "buving bilan salomlashib qo‘y" deya uni o‘zi bilan ketishga ko‘ndirishga tushgan, o‘g‘lim esa rozi bo‘lmagan. Massiv bo‘ylab "aylanishlar" bir soatdan so‘zilgach o‘g‘lim notanish o‘sha erkakka "ayam darslarim qachon tugashini biladi, hozir meni izlay boshlaydi" deb aytgan. Erkak esa "kel, oyingga qo‘ng‘iroq qilib, sal kechroq borishingni aytamiz. Do‘stimning telefonidan o‘yinlarni yuklab olmoqchiman", deb ayt deydi va o‘g‘limga telefonini uzatadi… O‘g‘lim ayolimga qo‘ng‘iroq qilib, qocha boshlaydi, "Sasha" esa uning ketidan bo‘ralab so‘kib, "o‘zim kuzataman, o‘zim oyingni oldiga olib boraman" deb baqirib, uni quvlashga tushadi", — deya yozgan ota.

Erkakning so‘zlariga qaraganda, telefonda o‘g‘lining baqirgan ovozini eshitgan ona shu zahotiyoq ko‘chaga otilib, jigarbandini izlashga tushadi va uni yig‘lagan, qo‘rqqanidan bir ahvolga tushgan holda uyga qaytayotgan chog‘ida ko‘chada uchratadi. Bolakayning so‘zlariga qaraganda, notanish erkak uni quvib yetib olgan va qo‘lidan telefonini tortib olgancha, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan.

Ayol shu zahotiyoq bu hodisa haqida so‘zlash maqsadida mahalla posboniga uchraydi. Posbon, o‘z navbatida, koreys millatiga mansub erkak ustidan bundan oldin ham bir necha bor shikoyat tushganini tasdiqlaydi.

Shundan so‘ng ayol Sirg‘ali tumani IIBBga murojaat etadi.

Jinoyatlar bazasi - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda jinoyatlar milliy bazasi tashkil qilindi
Ijtimoiy tarmoqlarda ota tomonidan yozib qoldirilgan shikoyat mazmunidagi xabarga muvofiq, IIBBda ota-onadan hech kim ariza qabul qilishni xohlamagan. Erkakning so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari telefonni uning maxsus kodi yordamida topishgach, qaytarib berishlarini ma’lum qilishgan. Ayol esa gap telefonda emasligini, o‘sha erkakni topish kerakligini talab qilgan. Erkakning so‘zlariga qaraganda, militsiya xodimlari ayolning bu talabidan so‘ng "Biz sizga ekstrasensmi? Uni qanday qilib topamiz?" mazmunida javob qaytargan.

Natijada ayol arizani yozib, ichki ishlar organi xodimlariga topshirgan.

O‘g‘irlanishiga bir bahya qolgan bolakayning otasi ayni vaqtda  ushbu hodisa yuzasidan gov.uz portaliga ham shikoyat arizasini yozib jo‘natgan. Bundan tashqari, shu kunlarda prokuratura organlariga ham ariza yozmoqchiligini ma’lum qilgan.

Sirg‘ali tumani Ichki ishlar boshqarmasi shaharni o‘z xoli-joniga qo‘ymayotgan, ota-onalar ko‘ngliga qo‘rquv solayotgan jinoyatchini tez orada topishlariga umid qilamiz. Bu unchalik ko‘p vaqt olmasligiga ham ishongimiz keladi, negaki, poytaxtning barcha tumanlarida allaqachon kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ota farodi
Ijtimoiy tarmoqlardagi ota farodi - Sputnik O‘zbekiston
Ijtimoiy tarmoqlardagi ota farodi
Yangiliklar lentasi
0