TOShKENT, 4 okt — Sputnik. O‘zbekiston joriy yilning 12-13 oktabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasida 500 ming tonnadan ortiq paxta tolasini eksportga chiqarish uchun shartnomalar imzolashni rejalashtirgan, dedi "O‘zpaxtasanoateksport" xolding kompaniyasi vakili.
"Bozordagi murakkab vaziyatga qaramasdan, biz 500 ming tonna, balki undan ham ko‘proq paxta tolasi yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishni mo‘ljallamoqdamiz", — dedi agentlik suhbatdoshi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yarmarkaga 45 dan ortiq mamlakatning ikki mingga yaqin vakili kelishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda bu yil 3,4 million tonna paxta hosili yig‘ish rejalashtirilgan, paxta tolasi ishlab chiqarish esa 1 million tonnani tashkil etadi, deb ma’lum qildi xolding vakili.
Respublikada ommaviy paxta yig‘im-terimi sentabr-oktabr oylariga to‘g‘ri keladi.
Bu yilgi yarmarka “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tovar-xomashyo birjasi, “Sifat” markazi va boshqa tuzilmalar tomonidan o‘tkaziladi.
O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan o‘n birinchi yarmarkada 700 ming tonna paxta tolasi eksporti uchun shartnomalar imzolangan edi. Yarmarka tashkil qilinganidan buyon o‘tgan vaqt davomida 7 million tonnadan ortiq hajmdagi bevosita va fyuchers shartnomalari imzolangan.
O‘zbekistonda har yili 3,5 million tonnaga yaqin paxta xom ashyosi va 1-1,2 million tonna paxta tolasi tayyorlanadi. Tayyorlangan paxta tolasining 50%ga yaqini eksport qilinadi.