TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan Past Darg‘om tumanida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda mazkur ko‘chma do‘konlarni kerakli oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ular tomonidan sifatli xizmat ko‘rsatilishiga erishish masalalari muhokama etildi, deb xabar qilmoqda "Zarafshon" nashri.
"Tumanimizdagi fermer xo‘jaliklarida yig‘im-terimda qatnashadigan mehnatkashlar uchun sakkizta avtodo‘kon tashkil etdik, — deydi Past Darg‘om tumanidagi "Past Darg‘om barakali savdo" mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi o‘rinbosari Samad Sanaqulov. — Mavsum davomida ushbu do‘konlarda sotilishi belgilangan 32 turdagi mahsulot bo‘yicha zaxira yaratildi. Savdoni naqd pul hamda plastik kartochkalar orqali amalga oshirish uchun to‘lov terminali va kassa apparatlari olindi".
Seminarda mavsum davomida aholi, terimchi va hasharchilarni zarur maishiy buyumlar, kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangan. Fermer xo‘jaliklari va tegishli tashkilotlar ta’minotchi korxonalar bilan shartnomalar tuzgan.
Ko‘rgazmali seminarda viloyat hokimi Z.Mirzayev so‘zga chiqqan.